Autodonorlik — bu inson oʻz qonini oldindan topshirib, keyinchalik tibbiy zarurat yuzaga kelganda shu qonni oʻziga qayta quyish amaliyoti hisoblanadi. U asosan donorga boshqa shaxs qonini quyish imkoni boʻlmagan, qon guruhi kam uchraydigan yoki donor yoki uning qonuniy vakili allogen qon quyilishini rad etgan hollarda qoʻllaniladi.
Mazkur buyruq Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 28-yanvar kuni davlat roʻyxatidan oʻtkazildi (roʻyxat raqami — 3763) va rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kirdi.
Tasdiqlangan nizomga koʻra, autodonorlik 18 yoshga toʻlgan shaxslar tomonidan davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalarida, donor yoki uning qonuniy vakilining yozma roziligi asosida, bepul amalga oshiriladi. Autodonorlik jarrohlik amaliyotidan oldin, unga tayyorgarlik jarayonida yoki amaliyot davomida amalga oshirilishi mumkin.
Nizomda qon olishdan oldin oʻtkaziladigan laboratoriya tekshiruvlari, qarshi koʻrsatmalar hamda qon va uning tarkibiy qismlarini saqlash muddatlari aniq belgilab berilgan. Xususan, bir martalik qon olish hajmi 500 millilitrdan oshmasligi lozim.
Shuningdek, autodonorlik doirasida olingan qon va uning tarkibiy qismlarini boshqa shaxslarga quyish qatʼiyan taqiqlanadi. Belgilangan muddatda foydalanilmagan qon sanitariya qoidalariga muvofiq utilizatsiya qilinadi.
Qayd etilishicha, nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.