Bu Prezident farmoni loyihasida belgilangan.

Loyihasiga koʻra, mamlakatimizda ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlikning barcha koʻrinishlariga barham berishning mutlaqo yangi tizimi joriy etiladi. Ushbu hujjat bilan jamiyatda “zoʻravonlikka toqatsizlik” tamoyilini ijtimoiy meʼyorga aylantirish va javobgarlik choralarini keskin kuchaytirish koʻzda tutilgan.

Xususan, 14 yoshga toʻlmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha boʻlgan jazo choralari belgilanadi. Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinsiy va zoʻravonlikka oid jinoyatlarni tergov qilish vakolati mustaqil ravishda prokuratura organlariga oʻtkazilib, bunday ishlarni koʻrishga ixtisoslashgan, maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan tergovchi va sudyalar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Qonunchilikdagi yana bir muhim oʻzgarish erta nikohlarning oldini olishga qaratilgan boʻlib, endilikda nikoh yoshiga yetmagan shaxsni unashtirgan ota-onalar va noqonuniy nikohni targʻib qilgan shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.

Oila va xotin-qizlar maskanlarida yosh nikohlanuvchilarni bepul oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyilib, jarayonga professional psixolog va huquqshunoslar jalb etiladi. Mazkur tashabbuslar ota-onalarning oʻz farzandlari taqdiri uchun masʼuliyatini oshirish hamda oilaviy zoʻravonlikka qarshi samarali kurashish imkonini beradi.

Ushbu islohotlarning ijrosi Oliy sud, Bosh prokuratura, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan muvofiqlashtiriladi hamda davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan toʻliq moliyalashtiriladi.