Tadbirda raqamli xavfsizlik va texnologiyalar orqali amalga oshirilayotgan zoʻravonlik shakllariga alohida eʼtibor qaratildi.
Davra suhbati Ijtimoiy himoya milliy agentligi, YUNFPA, Oliy Majlis Senati va Buyuk Britaniya Hamkorligida tashkil etildi. Uning maqsadi — xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik holatlariga milliy javob mexanizmlarini mustahkamlash, xususan, raqamli zoʻravonlikka qarshi kurashni kuchaytirishdan iborat.
Tadbir “Zoʻravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat” xalqaro kampaniyasining Oʻzbekistondagi yakuniy bosqichi sifatida, Inson huquqlari kuni — 10-dekabr munosabati bilan oʻtkazildi. Unda siyosatchilar, davlat va nodavlat tuzilmalar, fuqarolik jamiyati vakillari, OAV xodimlari va xalqaro hamkorlar ishtirok etdi.
Bu yilgi UNiTE kampaniyasi “Barcha xotin-qizlar va qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish uchun birlashing” shioriga ega. U raqamli tahdidlar — onlayn-taqib, kiberstalking, intim materiallarning noqonuniy tarqatilishi va doksing kabi holatlarga jamoatchilik eʼtiborini kuchaytirdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Senat, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, YUNFPA va Buyuk Britaniya Elchixonasi vakillari hukumatning jabrlanuvchilarni himoya qilish, qonunchilikni takomillashtirish va profilaktik choralarni kuchaytirishga sodiqligini taʼkidladilar.
Muloqotda idoralararo muvofiqlashtirish mexanizmlarining ishga tushirilishi, jabrlanuvchilar uchun xizmatlarning kengayishi haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, YUNFPA va Senat tomonidan oʻtkazilgan raqamli zoʻravonlik boʻyicha huquqiy tahlil natijalari muhokama qilindi.
Ekspertlar milliy yoʻnaltirish tizimida xavf tahlili, monitoring va baholashni yaxshilaydigan yangi instrumentlarni taqdim etdilar. Bu, oʻz navbatida, zoʻravonlikka uchragan ayollarga koʻrsatiladigan xizmatlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida YUNFPAning global “BodyRight” kampaniyasining Oʻzbekistonda rasmiy ishga tushirilgani eʼlon qilindi. Kampaniya raqamli rozilik, tanaviy avtonomiya va har bir xotin-qizning onlayn zoʻravonlikdan himoyalanish huquqini ilgari surishga qaratilgan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar, yoshlar bilan ishlash va axborot tarqatish orqali loyiha raqamli xavfsizlikni mustahkamlashni maqsad qiladi.
Tadbir davlat organlari, ijtimoiy himoya muassasalari, fuqarolik jamiyati, OAV, raqamli sohada faoliyat yurituvchilar hamda xalqaro hamkorlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash qanchalik muhim ekanini yana bir bor koʻrsatdi.
Zulxumor Akbarova








