Unda Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Vengriya, Shimoliy Kipr respublikalari parlament ayol aʼzolari ishtirok etdi. Yigʻilishda turkiy davlatlar xotin-qizlarining mamlakatlar iqtisodiyotidagi ishtirokini kengaytirish borasidagi ishlar yuzasidan soʻz bordi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida ishtirok etgan Oliy Majlis Senati aʼzosi Gulnora Marufova mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganiga toʻxtalib oʻtdi.
Jumladan, soʻnggi 5-yil ichida mamlakatimizda ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan tadbirkor xotin-qizlar soni 200 mingdan oshgani, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida ayollar ulushi 46 foizni tashkil etayotgani, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida boʻlgan xotin-qizlar davlat tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanayotgani qayd etildi.
Shuningdek, mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini kengaytirishga qaratilgan qonunchilik islohotlari, xususan, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka koʻrsatiladigan nomzod ayollar sonining eng kam miqdori nomzodlar umumiy sonining 30 foizidan 40 foizga oshirilgani borasidagi oʻzgarishlar eʼtirof etildi.
Yigʻilish yakunida Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi parlament ayol aʼzolari guruhining qarori va tavsiyalari qabul qilindi. Shuningdek, guruhning keyingi yigʻilishi 2025-yilda Qozogʻistonda boʻlib oʻtishiga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.