Oʻzbekistonda bachadon boʻyni saratoni skriningi yana-da kuchaytiriladi

    Salomatlik 14 Yanvar 2021 650

    Bugun BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi (YUNFPA) Sogʻliqni saqlash vazirligiga odam papillomasi virusini (OPV) aniqlash uskunalari va test-sistemalarini topshirdi.

    Ushbu tadbir bu yoʻnalishdagi milliy dasturni yana-da rivojlantirish maqsadida bachadon boʻyni saratonini skrining qilish boʻyicha pilot loyihaga start berdi.

    Taqdimot marosimida aytilishicha, ushbu loyiha Yaponiya hukumatining moliyaviy koʻmagi bilan, BMT Taraqqiyot dasturi va YUNFPAning “Orol boʻyi mintaqasidagi aholining ekologik, iqtisodiy zaifliklariga, shuningdek, aholi salomatligi masalalariga chidamliligini kuchaytirish” qoʻshma dasturi doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshiriladi. Shuningdek, loyiha Chirchiq shahrida bachadon boʻyni saratoni skriningi boʻyicha Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan qoʻshma dasturning bir qismi sifatida hayotga tatbiq etiladi.

    JSST maʼlumotlariga koʻra, jahonda har yili 300 mingdan ziyod ayol bachadon boʻyni saratonidan vafot etadi. Dunyoda boʻlgani kabi, Oʻzbekistonda ham bachadon boʻyni saratoni barcha yoshdagi ayollar oʻrtasida koʻkrak bezi saratonidan keyingi oʻrinda turadigan va keng tarqalgan saraton xastaligi hisoblanadi.

    Kasalliklardan oʻlim koʻrsatkichi boʻyicha esa, bachadon boʻyni saratoni barcha yoshdagi ayollar oʻrtasida koʻkrak bezi va oshqozon saratonidan keyin uchinchi oʻrinda va tugʻish yoshidagi ayollar (15 – 44 yosh) orasida esa bachadon saratonidan oʻlim koʻrsatkichi boʻyicha ikkinchi oʻrinda turadi.

    Tadbirda Sogʻliqni saqlash vazirligiga berilgan uskunalar bachadon boʻyni saratoni boʻyicha mamlakat miqyosida skriningni tashkil etish boʻyicha harakatlarni yana-da jadallashtirishda muhim omil boʻlishi taʼkidlandi.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda 2019-yildan boshlab OPVga qarshi vaksina Milliy emlash kalendariga kiritilgan. Tahlil natijalariga koʻra, emlash evaziga kelajakda har yili 1 100 ta kasallanish va bachadon boʻyni xastaligi boʻyicha

    600 ga yaqin oʻlim holatining kamayishiga erishiladi. 2050-2060-yillargacha aholining 90 foizi emlash bilan qamrab olinishi orqali Oʻzbekistonda bachadon boʻyni saratoni kasalligi toʻliq bartaraf etilishiga erishiladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.