Oʻzbekistonda baliqlarning yangi turi kashf qilindi

    Fan 28 Aprel 2021 4515

    Oʻzbekiston geografik jihatdan oʻziga xos mintaqada joylashganligi bois uning hayvonot dunyosi ham boshqa hududlar faunasidan yetarlicha farq qiladi.

    Umurtqali hayvonlar boshqa hayvonlar orasida nisbatan yuksak tuzilishga egaligi bilan ajralib turadi. Ushbu hayvonlar orasida yangi turlarning topilishi esa fan olamidagi kamyob hodisalardan biri hisoblanadi.

    OʻzAning xabariga koʻra, Oʻzbekiston suv havzalaridagi baliqlarni tadqiq qilish bilan shugʻullanuvchi vatandoshimiz biolog-ixtiolog Baxtiyor Sheraliyev kuni kecha oʻlkamiz ixtiofaunasi uchun yangi baliq turini kashf qilishga muvaffaq boʻldi. Kashfiyot xalqaro “Journal of Fish Biology” jurnalida rasman eʼlon qilindi.

    Fargʻona vodiysi suv havzalarida uchraydigan, avval fanga maʼlum boʻlmagan yangi baliq turiga u kashf qilingan hudud - Fargʻona vodiysi sharafiga Fargʻona yalangbaligʻi (Triplophysa ferganaensis) deb nom berildi. Yangi tur vodiyning togʻli hududlari suvlarida uchraydi.

    -Aksariyat tadqiqotchilar bizning mintaqamizdagi barcha hayvon turlari oʻrganib boʻlingan, deb hisoblaydi. Aslida bu haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Oʻlkamiz suv havzalarini tadqiq etar ekanman, bizda hali oʻrganilmagan turlar yetarlicha ekanligiga borgan sari ishonchim komil boʻlib bormoqda. Biz kashf qilgan yangi baliq turi bunga yorqin misol boʻla oladi, - deydi tadqiqotchi Baxtiyor Sheraliyev.

    Uning qayd etishicha, Oʻzbekiston suv havzalaridan soʻnggi marta yangi baliq turning kashf etilishi oʻtgan asrning oʻrtalariga toʻgʻri kelar ekan. Yangi tur soʻnggi 70 yillikda topilgan yangi baliq turi hisoblanadi. Undan bu baliq mana shu oʻtgan vaqt ichida paydo boʻlib qolganmi deb soʻraganimizda, “yoʻq, bu baliq azaldan bor boʻlgan, uning yer yuzida paydo boʻlganiga bir necha million yillar boʻlgan. Shunchaki avval bu baliq turi olimlar nazaridan chet qolib ketgan. Qolaversa, yurtimizning togʻli mintaqalaridagi kichik daryolarning ixtiofaunasi hali toʻliq oʻrganib chiqilmagan. U yerda hali oʻzining oʻrganilishi kutib turgan bir qancha turlar borligiga ishonaman, - deb javob berdi.

    Oʻlkamiz baliqlar faunasiga yangi turning qoʻshilgani barcha biolog olimlarning izlanish mahsulidir.