O‘zbekistonda «Better Cotton» o‘z dasturini ishga tushirmoqda

    Kecha Toshkentda «Better Cotton» – ekologiya uchun yaxshiroq, jamiyat uchun yaxshiroq, iqtisodiyot uchun yaxshiroq, kelajak uchun yaxshiroq" mavzusidagi konferensiyasi o‘tkazildi.

    Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, anjuman «Better Cotton» xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.

    Unda Oliy Majlis Senati raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva, shuningdek, vazirlik va idoralar rahbarlari, jumladan, qishloq va suv xo‘jaligi, bandlik va mehnat munosabatlari, investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi, biznes uyushmalari rahbarlari ishtirok etdi.

    Tadbirda tarmoq tuzilmalari, ishlab chiqaruvchilar va riteylerlar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati instituti vakillari, Xalqaro brendlarni namoyon qiluvchi «Better Cotton» aʼzolari, jumladan, “Ikea” paxtani global rivojlantirish bo‘yicha menejeri qatnashdi.

    Anjuman paxta sektoridagi barqarorlik masalalarini muhokama qilish va milliy ustuvorliklarni belgilash maqsadida barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq maydonga aylandi.

    Taʼkidlanganidek, «Better Cotton» mamlakatdagi fermerlarning ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda O‘zbekistondagi yangi dasturining yo‘nalishlarini belgilashga harakat qilmoqda.

    Ishtirokchilar institutsional choralarni ishlab chiqish, joylardagi tadbirlarni amalga oshirishdagi rivojlanish va muammolar, shuningdek, O‘zbekistonda paxtani barqaror ishlab chiqarishni mustahkamlash borasidagi yondoshuvlar haqida o‘z xulosalari bilan o‘rtoqlashdilar.

    Taqdimotlar va ochiq munozaralar paxta sektoridagi eng dolzarb xavflarni aniqlash, shuningdek, joylarda tadbirlarni amalga oshirishda muvaffaqiyatni taʼminlash va O‘zbekistondagi «Better Cotton» dasturining taʼsirini oshirishga imkon beradigan asosiy ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirish imkonini berdi.

    Senat raisi Tanzila Norboyeva o‘z nutqida O‘zbekistonning «Better Cotton» dasturida ishtirok etishi to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha o‘z qarashlarimizni ro‘yobga chiqarishning eng yaxshi yo‘li bo‘lishini, bu munosib bandlikni taʼminlashi, biznesning raqobatbardoshligini oshirishi va inklyuziv iqtisodiy o‘sishga xizmat qilishini, shuningdek, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishini alohida taʼkidladi.

    – Milliy komissiya tomonidan xalqaro hamkorlarning tavsiyalari asosida respublika to‘qimachilik sanoatiga BCI (Better Cotton Initiative) mezonlariga mos keladigan xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha alohida «Yo‘l xaritasi» qabul qilindi, – dedi Tanzila Norboyeva. – Quvonarlisi, bugungi kunda ishlab chiqaruvchilarning o‘zlari ularni amalga oshirishdan manfaatdor. Ishonchim komilki, Ko‘p tomonlama muvofiqlashtiruvchi kengash Milliy komissiya doirasida BCI ishtirokida va fuqarolik jamiyati institutlarini faol jalb qilgan holda «Yo‘l xaritasi»ni muvaffaqiyatli amalga oshirishga xizmat qiladi.

    «Better Cotton» bosh direktori Alan Makkley taʼkidlaganidek, «Better Cotton» butun dunyoda fermerlar hamjamiyatini qo‘llab-quvvatlash va ularning faoliyatini doimiy ravishda yaxshilash maqsadida faoliyat ko‘rsatadi.

    – O‘zbekistonda paxta sektori muvaffaqiyatli rivojlanmoqda va biz fermerlar markazida bo‘lgan barqaror kelajakka ustuvor ahamiyat beradigan mamlakatda barcha tomonlar bilan hamkorlikda ishlashni boshlayotganimizdan nihoyatda mamnunmiz, – u.

    Anjuman yakuni bo‘yicha O‘zbekistondagi «Better Cotton» dasturi doirasida barcha manfaatdor tomonlarning ustuvor yo‘nalishlari va hamkorlik maqsadlarini aks ettiruvchi qo‘shma rezolyutsiya imzolandi.