Oʻzbekistonda birinchi AES qurilishi boʻyicha hujjatlar imzolandi

    Sanoat 26 Sentabr 2025 641

    Moskvada boʻlib oʻtayotgan Jahon atom haftaligi doirasida ikkita strategik muhim bitimlar imzolandi, deya xabar bermoqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi.

    Qayd etilishicha, birinchi hujjat – “Rosatom Energetika loyihalari” AJ va “AES qurilishi direksiyasi” DK oʻrtasida 2025-yil 20-iyundagi Bitimga Oʻzbekiston Respublikasida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishning asosiy shartlari toʻgʻrisidagi qoʻshimcha bitim.

    Hujjat 3+ avloddagi 2 ta VVER-1000 reaktorlari va 2 ta RITM-200N reaktorlari negizida kichik va katta quvvatli atom stansiyalaridan iborat integratsiyalashgan AES qurilishi loyihasining konfiguratsiyasini belgilaydi.

    Ikkinchi hujjat – “Rosatom Energetika loyihalari” AJ va “AES qurilishi direksiyasi” DK oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi va katta quvvatli atom elektr stansiyasi uchun yadro yoqilgʻisini yetkazib berish boʻyicha shartnomalarning asosiy shartlari toʻgʻrisidagi bitim.

    Bitim imzolovchilar oʻrtasida RITM-200N va VVER-1000 reaktor qurilmalari uchun yadro yoqilgʻisi, shuningdek, ehtiyot qismlar, montaj va nazorat uskunalarini yetkazib berish boʻyicha asosiy kelishuvlarni mustahkamlaydi.

    «Oʻzbekistonning qoq markazida, Jizzax viloyatida biz misli koʻrilmagan energetika loyihasini yaratmoqdamiz. Markaziy Osiyoda atom energetikasini rivojlantirishda peshqadam boʻlib, biz nafaqat mintaqada birinchi stansiyani qurmoqdamiz, balki birinchi boʻlib kelajakning innovatsion yechimini yaratmoqdamiz. Bizning loyihamiz – bu kichik modulli stansiyalarning ilgʻor texnologiyalari va katta quvvatli klassik atom energetikasining vaqt sinovidan oʻtgan yechimlarining dadil birikmasidir», – deya qayd etdi “Oʻzatom” agentligi direktori Azim Axmedxadjayev.

    «Bugungi imzolash “Rosatom” va Oʻzbekiston oʻrtasida tinch atom sohasida munosabatlarni rivojlantirishda yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi. Erishilgan kelishuvlar tufayli Oʻzbekiston bir vaqtning oʻzida ham kichik quvvatli zamonaviy atom stansiyasi, ham katta quvvatli atom elektr stansiyasi ishlaydigan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini quradigan dunyodagi birinchi mamlakat boʻladi», – deya izoh berdi Aleksey Lixachyov.