Oʻzbekistonda birinchi bolalar velopoygasi tashkil etiladi

    Sport 19 Noyabr 2020 1571

    Bugun yurtimizda jismoniy tarbiya va sport sohasini jadal rivojlantirish, ayniqsa, yoshlarni ommaviy sportga jalb etish, yuqori malakali sportchilarni tayyorlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni bu borada muhim qadam boʻldi.

    Farmonga muvofiq, maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, oliy oʻquv yurtlari hamda boshqa tashkilotlarda jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shugʻullanish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish alohida belgilab qoʻyilgan.

    Mazkur farmon asosida ilk marta Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi tashabbusi bilan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) hamkorligida maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari, yaʼni jajji bolakaylarning sport bilan shugʻullanishlari uchun zamonaviy Begovellar (bolalar uchun pedalsiz velosipedlar) bilan taʼminlash, “Oʻzbekistonda birinchi bolalar velopoygasi”ni oʻtkazish boʻyicha Memorandum imzolandi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, mamlakat velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Norboyeva, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin hamda YEXHTning mamlakatimizdagi doimiy koordinatori, janob Jon Makgregorlar ishtirok etishdi.

    Rasmiylar yangi tashabbusning mamlakatimizda ommaviy sport targʻiboti yoʻlida qanchalik muhim ahamiyat kasb etishi haqida iliq fikrlar bildirishdi. Shundan soʻng tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Memorandumdan koʻzlangan asosiy maqsad – yosh bolalarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shugʻullanishga shart-sharoit yaratishni keng yoʻlga qoʻygan holda respublikamizning barcha hududlaridagi maktabgacha taʼlim muassasalarini bosqichma-bosqich Begovellar bilan taʼminlash, tomonlar oʻrtasida oʻzaro samarali hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash uchun zamin yaratish, bugungi kunda yurtimizda jismoniy tarbiya va sport sohasini jadal rivojlantirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirishdan iborat.