Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, diplom.edu.uz platformasi orqali bakalavr, magistr, litsey, texnikum, kasb-hunar maktabi va kollejlarni bitirganlik toʻgʻrisidagi diplom maʼlumotlarining haqiqiyligini tekshirish va qoʻshimcha taʼlim maʼlumotlarini kiritish mumkin.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli taʼlim texnologiyalarini rivojlantirish markazi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur axborot tizimida bugungi kunda 2 mln.ga yaqin bitiruvchilarning diplom maʼlumotlari jamlangan.
Tizim quyidagi jarayonlarni oʻz ichiga oladi:
— bitiruvchilarning diplom maʼlumotlari kiritiladi va tasdiqlanadi;
— diplom maʼlumotlari mavjud boʻlmaganda bitiruvchilar Yagona identifikatsiya tizimi – OneID orqali roʻyxatdan oʻtib, maʼlumotlarni kiritadi. Oliygoh esa diplom maʼlumotlari toʻgʻriligini tasdiqlaydi.
Shuningdek ushbu platforma boshqa davlat idoralari axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. Bunda maʼlumotlar avtomatik tarzda shakllanadi va diplom maʼlumotlarini kiritish talab etilmaydi.