Ulgʻayib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish, huquq va manfaatlarini himoya qilish, asrab-avaylash, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlariga oid xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyillariga tayangan holda, bola huquqlarini himoya qilish tizimini bosqichma-bosqich isloh etish, bola huquqlariga oid xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va qonunchilikni takomillashtirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi hamda “Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmonida Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlovchi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

Shundan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi tomonidan mazkur qonun loyihasini dastlabki tarzda koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruh yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Ichki ishlar, Adliya, Xalq taʼlimi, Maktabgacha taʼlim vazirliklari, Bosh prokuratura, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi masʼullari hamda OAV xodimlari qatnashdi.

Taʼkidlanganidek, qonun loyihasida bola huquqlari boʻyicha vakil oʻz vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarga tobe boʻlmagan tarzda amalga oshirishi, Bolalar ombudsmani Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan besh yil muddatga saylanishi, Bolalar ombudsmani lavozimiga nomzod Oliy Majlisining palatalari koʻrib chiqishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritilishi toʻgʻrisidagi normalar oʻz aksini topmoqda.

Shuningdek, loyihada Bola huquqlari boʻyicha vakilning arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqishi, bola huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning ayrim jihatlariga eʼtiborni kuchaytirish zarur boʻlganda Vakil Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Vazirlar Mahkamasiga huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar koʻrishga qaratilgan maxsus maʼruzalar taqdim etishi belgilanyapti.

Bundan tashqari qonun loyihasida bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan vakolat berilgan rahbarlariga bola huquqlari, erkinliklari va manfaatlariga rioya etilishiga doir qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi taqdimnoma kiritish va vakil tomonidan davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga yozma ravishda bola huquqlari, erkinliklari va manfaatlariga rioya etilishiga doir qonunchilikning buzilishiga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisidagi ogohlantirish yuborish tartib-tamoyillari oʻz aksini topmoqda, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.