Unda mamlakatimizda sohani takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda bolalar gematologiyasi va onkologiyasi kattalar yo‘nalishidan ajratilib, alohida ixtisoslashtirilgan markaz sifatida tashkil etildi. Natijada yagona bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi xizmati yo‘lga qo‘yilib, tibbiy yordam sifati yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugungi kunda markaz va hududiy bo‘limlarda 180 dan ortiq o‘rinli ixtisoslashtirilgan xizmat ko‘rsatilmoqda.
O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha Global tashabbusida ishtirok etuvchi davlatlardan biri hisoblanadi. Ushbu tashabbus doirasida bolalarning yashovchanlik darajasini 60 foizga yetkazish maqsad qilingan. 2024-yil aprel oyida imzolangan kelishuv asosida mamlakatimiz bolalarni saraton kasalligidan davolash uchun dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha Global platformaga qo‘shildi. Natijada 14 hududdagi tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2000 nafar bola xalqaro standartlarga javob beradigan dori vositalari bilan ta’minlanmoqda.
Prezidentning 2024-yil 21-maydagi qarori sohadagi islohotlarni yanada kuchaytirishga xizmat qildi. Markaz quvvati 200 o‘ringacha oshirilib, onko-jarrohlik bo‘limi tashkil etildi, yuqori texnologik operatsiyalar amaliyotga joriy qilindi. Hududlarda filiallar ochilib, birlamchi tashxis, hamrohlik qiluvchi terapiya va palliativ yordam tizimi takomillashtirildi.
Tadbir davomida xalqaro ekspertlar klinik amaliyot, dori-darmon ta’minoti, logistika va raqamlashtirish jarayonlari bilan tanishib, yaratilgan shart-sharoitlarga ijobiy baho berdi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida bolalar onkologiyasiga bag‘ishlangan ta’sirli videorolik namoyish etildi. Unda og‘ir xastalikni yengish yo‘lida kurashayotgan bolalarning orzu-intilishlari aks ettirildi. Ular kelajakda turli kasb egalari bo‘lish, ota-onasiga yordam berish va jamiyatga foyda keltirish istagini bildirib, hayotga bo‘lgan ishonch va umidni namoyon etdilar. Videolavha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va AQSHning Sent-Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi o‘rtasida bolalar onkologik va gematologik kasalliklarini davolash, tibbiyot xodimlarini tayyorlash, xalqaro klinik standartlarni joriy etish hamda palliativ yordamni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolangan. Mazkur hujjat sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Shu tariqa, bolalar onkologiyasi tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish orqali bemor bolalarga ko‘rsatilayotgan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam sifati yanada oshirilmoqda. Bu esa yurtimizda har bir bolaning sog‘lom hayot kechirishi uchun mustahkam zamin yaratadi.