Unda senatorlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, xorijiy davlatlarning yurtimizdagi elchixonalari masʼullari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva kirish soʻzi bilan ishtirok etib, har bir bola oilaviy muhitda tarbiya topishga, ota-ona mehrini, yaqinlari eʼtibori va gʻamxoʻrligini his qilib yashashga toʻla haqli ekanligini alohida taʼkidladi.
– Bu borada qonunchilik bazasi takomillashtirib borilmoqda, xususan, soʻnggi yillarda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi, “Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida”gi qonunlarda bola huquqlarining kafolatlari taʼminlanishi bilan bogʻliq munosabatlar ishtirokchilari va ularning huquq hamda majburiyatlari aniq aks etgan, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Qolaversa, mamlakatimizda bolalar omdudsmani instituti faoliyat boshlagani hamda bolalar mehnatiga mutlaqo chek qoʻyilgani xalqaro hamjamiyat tomonidan ham alohida eʼtirof etilgan. Bundan tashqari, Senatning tegishli qarorida chin yetimlar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni “Mehribonlik” uylariga joylashtirish eng soʻnggi chora ekanligiga, bunday bolalarni oilalar tarbiyasiga berish birlamchi vazifa ekanligiga alohida eʼtibor qaratish belgilangan. Yana bir jihat. Joriy yil 1-yanvar holatiga respublika boʻyicha jami 71,6 ming nafar bola vasiylik va homiylik organlari nazoratiga olingan. 2019-yilning 1-martidan boshlab oilaga tarbiyaga olingan (patronat) har bir bola uchun toʻlanadigan nafaqa miqdori 1,3 barobarga oshirilgan. 2011-2020-yillarda “Mehribonlik” uylarini tugatgan va uy-joyga muhtoj 1 188 nafar bitiruvchidan 610 nafariga uy-joy berilgan. Shu oʻrinda Senat tashabbusi bilan joriy yilda davlat byudjetidan 50 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, mehribonlik uylarining 900 nafar bitiruvchilarini uy-joy bilan taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
Anjumanda Oʻzbekistondagi bolalarni parvarishlash tizimini isloh qilish sohasidagi vaziyat muhokama qilindi. Qolaversa, bolalar parvarishining zamonaviy tizimini ishlab chiqish boʻyicha eng ilgʻor xalqaro va milliy tajriba hamda bu sohadagi saboqlar bilan oʻrtoqlashildi.
Xalqaro darajada bolalarni parvarish qilish sohasi katta muassasalar oʻrniga oilaviy va jamoatchilik asosida bir qator xizmatlar koʻrsatish sari oʻzgarmoqda. Shu bois tadbir ishtirokchilari tomonidan Oʻzbekistoda noinstitutsionallashtirish jarayonini tezlashtirish boʻyicha tavsiyalar berildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.