Oʻzbekistonda bugun, 16-maydan mahalla fuqarolar yigʻini raisi - oqsoqoli saylovi boshlandi

    Saylov 16 May 2022 2001

    Mamlakatimizdagi 842 mahallada saylov boʻlib oʻtadi. Unda 239 ming 910 nafar saylovchi ishtirok etishi belgilangan. 2 ming 270 nafar nomzod saylovda ishtirok etadi. Shundan 510 nafari (60,5 foizi) amaldagi raislar, 1 ming 762 nafari birinchi marotaba saylovda ishtirok etadi.

    Joriy yilning may-iyun oylarida oʻtkaziladigan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va oʻtkazishga doir ishlar yuqori saviyada tashkil etildi.

    Xususan, Toshkent viloyatida ham joriy yilning 16-may kunidan 3-iyun kuniga qadar saylovlar oʻtkazilishi belgilangan boʻlib, mazkur jarayonga puxta tayyorgarlik koʻrildi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Fuqarolar yigʻini raisi saylovi toʻgʻrisidagi Qonunning 18-moddasi talablariga muvofiq, viloyatda saylov yoshiga toʻlgan fuqarolar umumiy sonining kamida 12 % miqdoridagi 236 ming 211 nafar saylovchilar, har bir fuqarolar yigʻinlarida oʻrtacha 232 nafar vakillar saylovlarda ovoz berishda qatnashishadi.

    Bu yil viloyatda 1020 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari raisligi uchun 4611 nafar nomzod sektor rahbarlari hamda respublika ishchi guruhlari tomonidan koʻrib chiqildi.

    Shundan suhbat natijalariga koʻra 2522 nafar nomzod fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga tavsiya etilgan. Nomzodlarni oʻrganish davomida viloyat boʻyicha 633 nafar amalda faoliyat koʻrsatib kelayotgan mahalla raislari nomzodlari ham qayta tavsiya etilgan.

    Saylovlarning ilk kunida viloyatning 85 ta mahallasida fuqarolar yigʻini raisi saylovlari boʻlib oʻtmoqda.