Ijtimoiy tarmoqlarda respublikamizning baʼzi hududlarida zararli chigirtkalar bosqini boshlangani haqida xabarlar eʼlon qilindi.
Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining maʼlum qilishicha, 2025-yilda respublika boʻyicha 608,1 ming gektar maydonda chigirtka tarqalishi prognoz qilingan.
2025-yil fevral mart oylarida 424,0 ming gektar maydonda kuzatuv-nazorat ishlari amalga oshirildi.
Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand viloyatlarida 22-martdan buyon 5468 gektar maydonda kimyoviy kurash olib borildi. Mazkur viloyatlarda jami 30 otryad tuzilib, 276 mutaxassis jalb etilgan.
Shuningdek, kimyoviy kurash tadbirlari Jizzax viloyatida ham boshlandi.
«Zararli chigirtka tarqalgan hudud xaqida xabardor boʻlsangiz 1288 va 71 202 28 88 raqamlariga murojaat qilishingizni soʻraymiz. Kimyoviy ishlov olib borish bepul,« — deyiladi xabarda.
Maʼlumot oʻrnida: Oʻzbekiston chigirtkalar rivojlanishi va tarqalishi uchun iqlim jihatidan qulay boʻlib, chigirtkalarning tarixiy areali hisoblanadi. Respublika hududida 200 turdagi chigirtkalarni uchratish mumkin, ularning toʻda hosil qiluvchi 6-8 turiga qarshi har yili kimyoviy kurash tadbirlari olib boriladi. Sababi hasharotlar qishloq xoʻjaligi ekinlari, saksovulzorlar va yaylovlarga zarar yetkazishi xavfi mavjud.