Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Digital Nolding” QK MCHJ ustav fondida (kapitalida) 49 foiz miqdoridagi ulush (“COSCOM” MCHJ ustav fondidagi davlat ulushi) bilan va “Didjital Invest” MCHJ (Rossiya Federatsiyasi) 51 foiz miqdoridagi ulush (“Didjital Invest” MCHJning “CRPT Turon” MCHJ va “ICS Nolding Uzbekistan” MCHJ ustav fondidagi (kapitalidagi) 100 foiz miqdoridagi ulushlari hamda 100 million AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻlari) bilan ishtirok etmoqda.

2021-yil 29-sentyabr kuni “Digital Nolding” QK MCHJ ustav fondi har ikki tomondan shakllantirildi, shu jumladan “Didjital Invest” MCHJ (Rossiya Federatsiyasi)ning 100 million AQSH dollari miqdoridagi pul mablagʻlari qoʻshilgan hissa sifatida “Digital Nolding” QK MCHJ hisob raqamiga kelib tushdi, deya xabar beradi agentlik axborot xizmati.

“Digital Nolding” QK MCHJ rahbari etib, Vladimir Kravchenko tayinlandi, jamiyatlarda Kuzatuv kengashlari va ularning tarkiblari shakllantirildi.

Maʼlumot uchun: “Digital Nolding” QK MCHJning faoliyati Oʻzbekiston Respublikasida telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va sifatini yaxshilashga, xususan xalqaro standartlarga mos raqamli infratuzilmani shakllantirish, shuningdek maʼlumotlarini saqlash va qayta ishlash, raqamli markirovka va alohida turdagi tovarlar harakatini nazorat qilishda ilgʻor texnologiyalar va tizimlarini joriy etishga qaratilgan.