Tadbirda Jahon banki va Xalqaro moliya korporasiyasi ekspertlari ishtirok etdi. Ikkala tashkilot ham Jahon banki guruhiga a’zo bo‘lib, hukumatga mamlakat energetika sohasini modernizasiya va isloh qilishda moliyaviy va maslahat yordamini taqdim etadi.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli va Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Global energetika amaliyoti menejeri Sudeshna Gosh Banerji xonim Jahon banki Energetika vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, xususiy investorlar hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonda elektr energiyasining ulgurji bozorini rivojlantirishda moliyaviy va maslahat yordamini ko‘rsatish bo‘yicha aniq reja va vazifalarni amalga oshirish uchun tizimli ishlar olib borilishini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun: Hozirda Jahon banki ko‘magida Hukumat energetika sohasida umumiy qiymati qariyb 1,2 milliard AQSH dollari bo‘lgan qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Ularning maqsadi – elektr energetikasi infratuzilmasini modernizasiya qilish, sanoat korxonalari va jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish, shaharlarda yanada samarali isitish va issiq suv xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, xususiy investorlar ishtirokida qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasini rivojlantirishdan iborat.

Tadbir davomida tinglovchilarga Turkiya, Armaniston, Lotin Amerika davlatlari va Sharqiy Yevropada elektr energiyasining ulgurji bozorini rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar taqdim etildi. Xususan, ushbu davlatlarda Jahon banki guruhi energetika sohasi islohotlarini ishlab chiqish va uni modernizasiya qilish uchun xususiy investisiyalarni jalb qilishda muhim rol o‘ynagani ta’kidlandi.

Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilariga O‘zbekistonda elektr energiyasining raqobatbardosh bozoriga o‘tish bo‘yicha, jumladan, ushbu sohaga xususiy investisiyalarni jalb qilish uchun zarur institusional va qonunchilik sharoitlarini yaratish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” loyihasi taqdim etildi.

Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston sharoitida elektr energiyasi bozori transformasiyasini jadallashtirish, mustaqil xususiy operatorlar tomonidan elektr energiyasini uzatish va taqsimlash imkoniyatlarini kengaytirish muhimligini, shuningdek, energetika korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish va modernizasiya qilish zarurligini ta’kidladi. Butun mamlakat bo‘ylab yakuniy iste’molchilarni, jumladan, uy xo‘jaliklari, korxonalar va xususiy sektorni barqaror va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalarni jalb qila oladigan kompaniyalarga aylantirish kerakligi aytib o‘tildi.

Ikki tomonlama hamkorlik yuqorida qayd etilgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni yakunlashga ham qaratiladi. Unda elektr energetikasi sohasining samarali faoliyat yuritishi uchun qonunchilik, institusional va tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirishga ko‘maklashish, eskirgan infratuzilma ob’yektlarini yangilash hisobiga elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish, shuningdek, ushbu sohaga xususiy investisiyalarni keng jalb etish, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida elektr energiyasini ishlab chiqarish va uzatish sohasida hamkorlikni rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratiladi.