Oʻzbekistonda elektron sigaretalar butunlay taqiqlanishi kutilmoqda

    Shu yilning 7-yanvar kuni Oliy Majlis qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Oʻzbekistonda elektron sigaretalarni butunlay taqiqlash koʻzda tutilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

    Mutaxassislarning fikricha, elektron sigaretalarda nikotin moddasidan tashqari kanserogen, zaharli boʻlgan 80 xil kimyoviy birikmalar va ogʻir metallar mavjudligi, ularning inson sogʻligʻiga, atrof-muhitga jiddiy ziyoni aniqlanmoqda. Xususan, organizmda nikotinga qaramlik oshishi bilan birga bolalar va oʻsmirlarda miya shakllanishiga, intellekt, bilim va qobiliyatning pasayishiga olib kelishi mumkin.

    Qonun loyihasi bilan Oʻzbekistonda nikotinni isteʼmol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning muomalasi (ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, Oʻzbekiston hududiga olib kirish, olib chiqish) taqiqlanmoqda.

    Shuningdek, aylanmasi taqiqlangan chekilmaydigan tamaki mahsulotlari, nikotinni isteʼmol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda.

    Deputatlarning taʼkidlashicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi aholi, ayniqsa, yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.

    Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.