Oʻzbekistonda elektrotexnika mahsulotlarida xavfli moddalarni ishlatish cheklanadi

    Hukumat qarori bilan “Elektrotexnika va radioelektronika mahsulotlarida xavfli moddalarni ishlatishni cheklash toʻgʻrisida”gi texnik reglament tasdiqlandi.

    Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

    Unga koʻra, reglament Oʻzbekistonda muomalaga chiqarilayotgan elektrotexnika va radioelektronika mahsulotlarida xavfli moddalarni ishlatishni cheklashga doir bajarilishi majburiy boʻlgan yagona talablarni belgilaydi.

    Elektrotexnika va radioelektronika mahsulotlarining foydalanish hujjatlari davlat tilidagi pasport, oʻrnatish, texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash yoʻriqnomasi hamda undan foydalanish qoʻllanmasini oʻz ichiga olishi kerak.

    Oʻzbekistonda muomalaga chiqariladigan elektrotexnika va radioelektronika mahsulotlarining ushbu reglament talablariga muvofiqligi baholanishi shart.

    Qadoqlarga elektrotexnika va radioelektronika mahsulotining hamda ishlab chiqaruvchining nomi va (yoki) tovar belgisi joylashtirilishi kerak.

    Mazkur reglament rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 6 oy oʻtgach kuchga kiradi.