Oʻzbekistonda energetika sohasida ikkita muhim maqsadga erishish rejalashtirilgan

    Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida nutq soʻzlamoqda.

    «Bugun jadal surʼatlarda oʻsib borayotgan iqtisodiyotimiz va aholining talab hamda ehtiyojidan kelib chiqib, energetika tizimida katta islohotlarni amalga oshiryapmiz.
    Biz bu yoʻnalishda ikkita muhim maqsadga erishishni asosiy vazifa qilib belgilaganmiz. Birinchisi, barcha tarmoq va hududlar uchun ishonchli va uzluksiz energiya taʼminotini yoʻlga qoʻyish. Ikkinchisi esa ana shu rejamizni zamonaviy, ekologik toza va qayta tiklanuvchi muqobil manbalar hisobidan amalga oshirishdir», – dedi Prezidentimiz.

    Soʻnggi yillarda energetika tizimiga 35 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi va 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirildi.

    Natijada elektr ishlab chiqarish hajmi 2017-yildagi 60 milliard kilovatt-soatdan joriy yilda 85 milliard kilovatt-soatga yetdi.

    Eʼtiborli jihati, salkam 5 ming megavattli quyosh va shamol, 400 megavattli gidroelektr stansiyalari ishga tushirildi. Jami generatsiya quvvatlarida “yashil” energiyaning ulushi bu yil 30 foizga yetkaziladi.