Maʼlumotlarga koʻra, sentyabr oyida yengil avtomobillar savdosi 84,6 ming donani tashkil etdi. Bu koʻrsatkich avgust oyiga nisbatan 6,4 foizga kam. Eng katta pasayish Surxondaryo va Navoiy viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida qayd etilgan. Shu bilan birga, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida savdo hajmlarining oʻsishi kuzatilgan.
Birlamchi bozorda faollik susaydi
Sentyabr oyida yangi yengil avtomobillar segmentida mavsumiy pasayish kuzatilib, savdo hajmi 15,2 foizga kamayib, 31,9 ming donani tashkil etdi.
Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar ulushi ustuvorligicha qolgan — ularning sotuvi 27,4 ming donani tashkil etib, avvalgi oyga nisbatan 16,1 foizga kamaygan.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi esa 4,5 ming donani tashkil etdi va bu avgust oyiga nisbatan 8,9 foizga kam.
Ikkillamchi bozor barqaror
Ikkillamchi yengil avtomobillar bozori barqarorligini saqlab qoldi. Sentyabr oyida bu segmentda 52,6 ming dona mashina sotilgan boʻlib, bu oʻtgan oyga nisbatan atigi 0,1 foizga kam.
Elektromobillar segmentida rekord oʻsish
Eng diqqatga sazovor holat — elektromobillar bozoridagi oʻsish. Sentyabr oyida 7,8 ming dona elektromobil sotilgan boʻlib, bu avgust oyiga nisbatan 21,6 foizga koʻp. Bu koʻrsatkich ushbu segment uchun rekord sanaladi.
Joriy yilning uchinchi choragida sotilgan yengil elektromobillar soni 20,7 ming donani tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2,2 barobarga koʻpaygan.
Eng yuqori oʻsish Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida kuzatilgan.








