Oʻzbekistonda yetishtirilgan meva va sabzavot mahsulotlari Shvetsiyaga toʻgʻridan-toʻgʻri eksport qilinadi

    Biznes 7 Dekabr 2024 721

    Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagida Shvetsiya Milliy savdo kengashi tomonidan uyushtirilgan hoʻl meva va sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishga bagʻishlangan vebinarda mamlakatimizning yetakchi eksportchi kompaniyalari vakillarining ishtiroki tashkil etildi.

    Shvetsiya va umuman olganda Skandinaviya mamlakatlari bozori meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilish uchun jozibador boʻlib, ushbu davlatlardagi import narxlari jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan yuqoriligi bilan ajralib turadi.

    Tadbirda Oʻzbekistonda yetishtiriladigan meva va sabzavot mahsulotlari Shvetsiyaga asosan Niderlandiya, Ispaniya va Italiya davlatlari orqali kirib kelayotganligi maʼlum qilindi. Shu sababli, istiqbolda bevosita eksport tovarlarini yetkazish maqsadida Stokgolm va Xelsinborg shaharlarida oziq-ovqat va meva-sabzavot uchun omborxonalar va savdo uylarini ochish takliflari bildirildi.

    Shvetsiyalik sheriklar hoʻl meva va sabzavot mahsulotlari importi uchun talab etiladigan tarif va notarif choralar, yirik savdo tarmoqlari bilan ishlash tartibi boʻyicha taqdimot oʻtkazdilar.

    Vebinar davomida, shuningdek, Shvetsiya Milliy savdo kengashining “Open Trade Gate” dasturi doirasida oʻzbekistonlik kichik va oʻrta biznes vakillarini qoʻllab-quvvatlash hamda eksportyor kompaniyalar xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.