O‘zbekistonda yetishtirilgan za’faron AQSh bozorlariga eksport qilinadi

    Agrosektor 23 Sentabr 2022 2344

    Bugun Jizzax viloyati Baxmal tumanida za’faron (shafran) piyozining navbatdagi partiyasi ekildi.

    Ushbu loyiha «BMB Trade Group» (O‘zbekiston) va «FIN.OPERA s.r.l.» (Italiya) kompaniyalari o‘rtasida za’faron va boshqa dorivor o‘simliklarni yetishtirish, sanoat miqyosida qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha imzolangan memorandum doirasida 3 yildan beri amalga oshirilyapti.

    Bugun Italiyaning Breshia shahridan O‘zbekistonga 16 million donadan ortiq za’faron piyozi olib kelindi. Shu tariqa za’faron plantatsiyalarining maydoni 305 gektarga, loyihaga jalb etilgan investitsiya miqdori 40,4 million yevroga yetkazildi. Shuningdek, 400 doimiy va 4 mingdan ortiq mavsumiy ish o‘rni yaratildi.

    Ayni paytda O‘zbekistonda yetishtirilayotgan za’faron birinchi toifadagi sifat belgisiga ega. Mahsulot yevropa va Osiyo mamlakatlariga eksport qilinyapti. «BMB TRADE GROUP» kompaniyasi Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulovning aytishicha, qator sertifikatlashtirish jarayonlari va tekshiruvlar natijasida O‘zbekiston za'faroni AQSh bozorlariga chiqishga ruxsat olgan, deb xabar beradi «Dunyo» AA.