Oʻzbekistonda YETTB koʻmagida xalqaro standartlarga mos 15 ta maktab quriladi

    Ta'lim 19 May 2023 1276

    Loyihaga Namangan va Fargʻona viloyatidagi 15 ta maktab qamrab olindi. Loyihaning kapital qiymati 55-75 million AQSH dollarini tashkil etadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-son Farmoniga asosan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 2022 — 2024-yillar davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarning sohalar kesimidagi “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan.

    Mazkur “Yoʻl xaritasi”ning tegishli bandlariga asosan, masʼul vazirlik va idoralar oldiga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki koʻmagida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida umumtaʼlim maktablarini xalqaro standartlar asosida rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlarini tashkil etish boʻyicha zarur vazifalar belgilab berilgan.

    Bugun Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32 yillik yigʻilishida mazkur loyihalarni amalga oshirish boʻyicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda YETTB oʻrtasida mazkur loyihalar ijrosiga doir uch tomonlama Texnik yordam berish shartnomasi imzolandi.

    Qayd etish lozimki, bu boradagi oʻzaro hamkorlik ishlari 2021-yil Toshkent shahrida oʻtkazilgan Oʻzbekiston iqtisodiy forumi doirasida boshlangan edi. Hamkorlik doirasida respublika hududlarida bosqichma-bosqich davlat-xususiy sheriklik asosida yangi davlat umumtaʼlim maktablari faoliyatini yoʻlga qoʻyilishi, ularga xususiy sheriklar tomonidan xizmat koʻrsatilishi va taʼmirlanishi hamda bugungi kunda faoliyat yuritayotgan davlat umumtaʼlim maktablarini rekonstruksiya qilish, qoʻshimcha binolar qurish va taʼmirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

    Jarayonning dastlabki bosqichi sifatida Yevropa rivojlanish va taraqqiyot banki mutaxassislari tomonidan grant olish va maslahatchilarni yollash boʻyicha ichki tahlillar oʻtkazildi hamda mamlakatimizning Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi 15 ta maktab loyihaga qamrab olindi. Loyihaning kapital qiymati 55-75 million AQSH dollarini tashkil etadi.