Oʻzbekistonda futbol sohasi raqamlashtiriladi

    Sport 25 Avgust 2025 858

    Prezidentning “Oʻzbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–262-son, 21.08.2025-y.) qabul qilindi.

    Mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

    • moddiy-texnik bazani xalqaro talablarga moslashtirish va futbol maydonlarini koʻpaytirish orqali futbol bilan muntazam shugʻullanuvchilar sonini oshirish;
    • iqtidorli futbolchilarni saralab olish, ularni professional futbolchi sifatida tayyorlash tizimini toʻliq raqamlashtirish.

    Qarorga koʻra, “Milliy futbol elektron platformasi” axborot tizimi yaratiladi.

    2026-yil 1-yanvardan tajriba-sinov tariqasida futbol akademiya va maktablarining oʻquv mashgʻulotlarini onlayn kuzatish, futbolchilar seleksiyasi hamda tibbiy va jismoniy koʻrsatkichlarini monitoring qilish mazkur axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

    2026-yil 1-martdan futbol oʻyinlariga chiptalarni xarid qilish shaxsni identifikatsiya qilish hamda matritsali shtrix-kod (QR kod) texnologiyalarini qoʻllashni nazarda tutuvchi maxsus onlayn axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.