Oʻzbekistonda Germaniya kapitali ishtirokida ikki yuzdan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda

    Bu haqda Germaniya Federal tashqi ishlar vaziri Annalena Berbokning Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Savdo-sanoat palatasida ushbu mamlakatning eng yirik va ilgʻor korxonalari ishbilarmon doira vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan davra suhbatida aytib oʻtildi.

    Tadbirdan koʻzlangan maqsad delegatsiyani mamlakat iqtisodiy rivojlanishining bugungi holati va Oʻzbekiston-Germaniya hamkorligini yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari bilan tanishtirishdan iborat.

    Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov 2021-yil yakuni boʻyicha mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 762 million dollarni tashkil etganini taʼkidlab, Oʻzbekistonda Germaniya investorlari ishtirokida 201 ta korxona, jumladan, 67 ta korxona 100 foiz Germaniya kapitali bilan, qolaversa 31 nafar firma va kompaniyalarning vakolatxonalari faoliyat yuritayotganini aytdi.

    Taʼkidlash joizki, palata Germaniyaning turli tashkilot va kompaniyalari, jumladan, Saksoniya iqtisodiy taʼlim markazi – BSW, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti – GIZ, Konrad Adenauer jamgʻarmasi, Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi – ANK, “SEKUA”, “ADELFI” va boshqa tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilib kelyapti.

    Bunday hamkorlik ikki davlat ishbilarmonlari oʻrtasida doimiy aloqalar oʻrnatish, shuningdek, ilgʻor tajribaslarni turli yoʻnalishlar boʻyicha oʻrganishga xizmat qilmoqda.

    Tadbirda energetika, qurilish, transport va logistika sohalarida ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.