Tadbirda Global yashil oʻsish instituti bosh direktor oʻrinbosari Xelena Makloid, institutning Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Achala Abeysingx, shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturi, YEXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, vazirliklar, idoralar va OAV vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir Global yashil oʻsish instituti Assambleyasi Prezidenti Pan Gi Munning ishtirokchilarga videomurojaati bilan boshlandi.
Global yashil oʻsish instituti xalqaro hukumatlararo tashkilot boʻlib, bosh ofisi Seul shahrida (Janubiy Koreya) joylashgan. Mazkur tashkilot 2012-yil 20-iyun kuni Rio-de-Janeyroda (Braziliya) BMTning Barqaror rivojlanish boʻyicha konferensiyasi doirasida taʼsis etilgan. Hozirgi kunda institut dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarida 54 ta loyihani amalga oshirib kelmoqda. Institut prezidenti va Kengash raisi BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun hisoblanadi.
Tashkilotning maqsadi – iqlim oʻzgarishi sharoitlarida taraqqiy etgan hamda bozor iqtisodiyotini tanlagan mamlakatlarda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish yoʻli orqali barqaror iqtisodiy oʻsishga koʻmaklashish hisoblanadi.
Ushbu nufuzli tadbirda Davlat ekologiya qoʻmitasi raisi N.Oblomuradov maʼruza qilib, Global yashil oʻsish instituti bilan hamkorlik qilish Oʻzbekistonda ekologiya va atrof-muhit muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarda katta oʻrin tutishini alohida taʼkidladi.
2022 yilda Davlat ekologiya qoʻmitasi hamda Global yashil oʻsish instituti Orol dengizi tanazzuli salbiy oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Orolboʻyi mintaqasining yashil tiklanishini moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan hamkorlikdagi loyihani amalga oshirishni boshladi. Loyihaning umumiy qiymati 5,65 mln AQSH dollariga teng.
Mazkur loyiha Xalqaro hamkorlik boʻyicha Koreya agentligi (KOICA) tomonidan moliyalashtiriladi. Loyihaning maqsadi – Orol dengizi tanazzuli oqibatlarini bartaraf etish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasining yashil reabilitatsiyasiga koʻmaklashish, shuningdek, barqaror hayotiy taʼminot hamda tabiiy xavflarga barqarorlikni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni belgilashdir.
Shuni alohida qayd etish lozimki, Global yashil oʻsish instituti MDH, shu jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi ofis hisoblanadi.
Tadbir davomida Global yashil oʻsish instituti hamda Barqaror rivojlanish boʻyicha Davlatlararo komissiyasi oʻrtasida Orol dengizi xavzasi uchun muhim hisoblangan yashil oʻsish va iqlim oʻzgarishi sohasida hamkorlik boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.