O'zbekistonda harbiy xizmatni o'tash tartibiga o'zgartirishlar kiritilmoqda

    Harbiy 12 Iyun 2020 4481

    O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasining kengaytirilgan yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda  O'zbekistonda harbiy xizmatni o'tash tartibiga o'zgartirishlar kiritish masalasi muhokama qilindi.

    Kun tartibidan ikki muhim masala o'rin oldi. Dastlab, «O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o'tash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonun loyihasi muhokama etildi.

    Loyihaga ko'ra, «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to'g'risida»gi hamda «O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat to'g'risida»gi qonunlarning qator moddalariga qo'shimcha va o'zgartishlar kiritilmoqda.

    Qonun loyihasining qabul qilinishi harbiy xizmatni o'tash bilan bog'liq yo'nalishdagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga, sohada qo'llaniladigan tushuncha va atamalar bir xil talqin etilishiga imkon beradi.

    Xususan, qonun hujjatida harbiy xizmatchilarda Vatan oldidagi burchni ado etishdagi ishtiyoqini oshirish uchun harbiy unvonlarni berish, halol va chin ko'ngildan ado etilgan xizmat davomida harbiy unvonlarga erishish tizimiga sezilarli o'zgartishlar kiritilmoqda.

    Bu o'z burchini vijdonan bajargan har bir harbiy xizmatchining unvonlari yuqorilab borishi ularning xizmatga bo'lgan munosabatini o'zgartiradi.