O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan O'zbekiston xalqiga murojaatini O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o'rinbosari – Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov o'qib eshittirdi.

Prezidentimizning shaxsiy tashabbusi asosida mamlakatimizning barcha hududlaridagi ixtisoslashtirilgan muassasalar, Saxovat, Muruvvat uylari, shifoxonalar, tibbiy-reabilitatsiya markazlari, sihatgohlar tubdan rekonstruktsiya qilinmoqda. Tibbiy-reabilitatsiyaga oid ilg'or innovatsion texnologiyalarni joriy etish, nogironlikning asoratlarini kamaytirish, fuqarolarni sog'lomlashtirish bo'yicha yangi metodlar, texnologiyalar amaliyotga keng joriy etilmoqda.

Davlatimiz rahbarining sana munosabati bilan yo'llagan murojaati alohida ehtiyojli hamyurtlarimizga mehr va e'tibor ko'rsatishning yanada yangi ufqlarini, galdagi dolzarb vazifalarni ko'rsatib bergani bilan ahamiyatlidir. Bu jihatlar nogironlikni belgilashning eskirgan tibbiy modelidan umume'tirof etilgan ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o'tish, endilikda bino va inshootlarni qurish, rekonstruktsiya qilish, jamoat transporti, axborot va aloqa vositalarini ishlab chiqarishda nogironligi bo'lgan shaxslarning ulardan hech bir moneliksiz foydalana olishiga birlamchi ahamiyat qaratish kabi kechiktirib bo'lmas hayotiy masalalar bilan chambarchas bog'liqdir.

Ayni paytda nogironligi bor shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlaridagi qamrov hajmini ikki barobar oshirish, hududlardagi o'nga yaqin shunday markazlarni kengaytirib, zamonaviy tibbiy va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlash ishlari amalga oshirilishi diqqatga sazovordir.
Tadbirda san'at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida katta kontsert dasturi namoyish etildi.
