“Oʻzbekiston Respublikasida ichimlik mahsulotlarining isteʼmol qadoqlariga depozit tizimini ixtiyoriy joriy etish toʻgʻrisida” Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan ichimlik mahsulotlarining isteʼmol qadoqlariga (tara) depozit tizimini ixtiyoriy tatbiq etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq:
mahsulotlarni depozitli tarada ishlab chiqaruvchi yoki qadoqlovchilar, ulgurji va chakana savdo sohasidagi tadbirkorlik subyektlari, depozitli tarada qadoqlangan mahsulot isteʼmolchilari, depozitli taralarni yigʻish punktlari, shuningdek, depozit tizimi operatorlari depozit tizimi ishtirokchilari hisoblanadi;
depozit tizimini joriy etgan tashabbuskor tomonidan sotuvga chiqariladigan har bir mahsulot birligining tarasiga isteʼmolchi uchun depozit toʻlovi toʻgʻrisidagi maʼlumotni oʻz ichiga olgan depozit markirovkasi tushiriladi;
depozit tizimi tashabbuskorlari depozit toʻlovi miqdori va depozitli tara aylanmasi usullarini mustaqil belgilaydilar;
depozit toʻlovi depozitli tarada mahsulot realizatsiya qilinganida isteʼmolchidan qoʻshimcha tarzda undiriladi va depozitli tara belgilangan tartibda qaytarib topshirilganida, uni topshiruvchisiga qaytarib beriladi.
Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.