Tadbir 2021-yil 8-13-noyabr kunlari “Zamonaviy amaliy sanʼat: dekor va uslub” nomi ostida oʻtkazildi.
Rasmiy yopilish marosimida Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.
Aziz Abduhakimov biyennalening maqsadiga toʻxtalib oʻtdi.
“III Toshkent amaliy sanʼat xalqaro biyennalesining asosiy maqsadi zamonaviy amaliy sanʼatni jahon hamjamiyatiga namoyish etish orqali milliy qadriyatlarni asrash, turli xalqlar oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, shuningdek unutilgan anʼanalarni tiklashdan iboratdir”, — dedi Aziz Abduhakimov.
Xalqaro biyennaleda Fransiya, Italiya, Shvetsiya, Avstraliya, Keniya, Yaponiya, Xitoy, Pokiston, Turkiya, Ummon, Eron, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozogʻiston, Belarus, Rossiya, Ukraina va Bolgariya kabi mamlakatlardan 60 dan ziyod amaliy sanʼat ustalari ishtirok etdi. Oʻzbekiston nomidan 100 dan ortiq hunarmand oʻz sanʼat asarlarini namoyish qildi.
Biyennale doirasida oʻzbek va xorijiy dekorativ sanʼati, milliy sopol mahsulotlari, xattotlik, miniatyura ishlari koʻrgazmalari, kulolchilik va tasviriy sanʼat boʻyicha mahorat darslari, yosh dizaynerlarning milliy va zamonaviy liboslar namoyishlari oʻtkazildi.
Koʻrgazma Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy koʻrgazmalar zali, Ikuo Xirayama Xalqaro madaniy karvonsaroyi, Toshkent fotografiya uyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi hamda Tasviriy sanʼat galereyasida oʻtkazildi.
Dastur doirasida xorijiy amaliy sanʼat ustalari Samarqandga sayohat qilishdi va hududning madaniy hamda turistik salohiyati, shuningdek oʻzbek xalqining turmush tarzi, tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishishdi.
Biyennalening hakamlar hayʼati tarkibidan xorijiy mamlakatlarning nufuzli vakillari – Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining Sanʼat va arxitektura instituti direktori Ertegin Salomzoda, Butunrossiya dekorativ sanʼati muzeyi rahbari Yelena Titova, YUNESKOning Markaziy Osiyo boʻyicha xalqaro eksperti Nadejda Jdravkova oʻrin olishdi.
Hakamlar hayʼati xulosasiga koʻra, quyidagilar sovrinli oʻrinlarni egalladi:
1-oʻrin — Zarafshon Shakardodova, Dilmurod Sharipov (Tojikiston);
2-oʻrin — Ubolsin Daulenova (Qozogʻiston);
3-oʻrin — Irina Lebedeva (Rossiya).
Biyennale Gran-prisiga Oʻzbekiston vakili – keramika sanʼati ustasi Abduvohid Karimov munosib koʻrildi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.