Joriy yilda mazkur loyiha doirasida "O‘zsuvta’minot" aksiyadorlik jamiyatining "Jizzax suv ta’minoti" MChJ tashabbusi bilan 12 ta “FLYGT” konseptor nasosi ishga tushirildi. Ushbu zamonaviy nasoslar Shvetsiyaning “Xylem Inc.” korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, korporatsiyaning Markaziy Osiyodagi rasmiy distyubitori “Free Line Groop” kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan.

Ma’lumki, Paxtakor tumani hududida 1970-yillarda markaziy oqova suv inshootlari va oqova suv tarmoqlari qurilishi boshlanib, 1982-yilda qurilish ishlari tugallangan va ko‘p qavatli uylar uchun kanalizatsiya tizimi ishga tushirilgan. Shu paytgacha tumanda 7 ta oqova suvlarni haydash nasos stansiyasi mavjud bo‘lib, shundan 5 tasi 40 foiz quvvatda ishlab kelgan, qolgan 2 tasi maishiy chiqindilarga to‘lib qolgani natijasida ishlamagan.

Endilikda “Smart” texnologiyasiga ega “FLYGT” nasoslari ushbu muammoni bartaraf etishga yordam beradi. Shuningdek, energiyatejamkor ushbu nasoslar suv ostiga o‘rnatilib, masofadan boshqariladi. Bu afzallik ishchilarning 8-10 metr chuqurlikka tushib, og‘ir sharoitlarda ishlashiga ham barham beradi.

Kuni kecha tashkil etilgan seminarda "Jizzax suv ta’minoti" MChJ va “O‘zsuvta’minot” AJning boshqa hududiy korxonalari mutaxassislari ushbu zamonaviy nasoslar ekspluatatsiyasi, o‘ziga xos afzallik va qulayiklari haqida bilim va ko‘nikmalarini oshirdi. Seminarda “Jizzax suv ta’minoti” MChJ direktori Zokir Mamarasulovga aqlli oqova suv nasos tizimi muvafaqqiyatli ishga tushirilgani munosabati bilan “Xylem Inc.” korporatsiyasi va “Free Line Groop” kompaniyasining maxsus sertifikati topshirildi.

"Jizzax suv ta’minoti" Axborot xizmati