Oʻzbekistonda ilk bor notarial harakat onlayn ravishda amalga oshirildi

    Raqamlashtirish 24 Dekabr 2021 1652

    “E-notarius.uz” axborot portali orqali birinchi onlayn notarial harakat masofadan turib rasmiylashtirildi, deya xabar beradi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

    Bu Oʻrta Osiyoda ham birinchi bor notariusga bormasdan turib amalga oshirilgan onlayn notarial harakatdir.

    Fuqaro U. V. notarial idoraga kelmasdan turib, voyaga yetmagan farzandini chet elga chiqishga rozilik berish arizasini videokonferensaloqa yordamida rasmiylashtirdi. Mazkur xizmat test rejimida ishga tushirildi va keyingi yilning boshidan toʻliq tatbiq etiladi.

    Aholiga qulaylik yaratish maqsadida ayrim notarial harakatlarni amalga oshirish uchun notarial idoraga bormasdan, notarius qabulida navbat kutmasdan, uydan yoki dunyoning istalgan joyidan turib, ayrim notarial harakatlarni masofadan, yaʼni vidiyeokonferensaloqa yordamida “e-notarius.uz” axborot portali orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

    Endilikda“e-notarius.uz” axborot portali orqali mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlmagan ishonchnomani tasdiqlashni, ijro xatini yozishni, arizadagi imzoning haqiqiyligini shahodatlashni (doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga qoʻyishga rozilik, voyaga yetmagan farzandni chet elga chiqishga rozilik berish bilan bogʻliq ariza va majburiyatnomalar), shuningdek toʻlovlarni ham amalga oshirish mumkin.

    Bu qanday amalga oshiriladi?

    Onlayn notarial harakatni rasmiylashtirish uchun “e-notarius.uz” axborot portaliga kirib, respublikadagi istalgan notariusga masofadan turib notarial harakatni rasmiylashtirishni soʻrab murojaat qilinadi.

    Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida murojaat qiluvchining shaxsiga oid maʼlumotlar ONE ID – Identifikatsiyalashning yagona tizimi orqali avtomatik ravishda toʻldiriladi. “e-notarius.uz” axborot portalida notariusga murojaat qilishning tartibi va bosqichlari fuqarolar tushunishi uchun qulay shaklda, alohida eslatmalar bilan oʻzbek va rus tillarida joylashtirilgan.

    Maʼlumotlar murojaat qiluvchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangandan soʻng, onlayn notarial harakat uchun toʻlov kvitansiyalari ham avtomatik ravishda shakllantiriladi.

    Murojaat qiluvchi va notarius kelishilgan vaqtda notarial harakatni roʻyxatdan oʻtkazish uchun videokonferensaloqaga chiqadi va notarial harakat rasmiylashtiriladi.

    Oʻzbekistonda onlayn notarial harakatlar davri boshlandi va Adliya vazirligi bu amaliyotni doimiy kengaytirib boradi.