Oʻzbekistonda ilmiy salohiyat soʻnggi besh yilda oʻrtacha 6,1 foiz oshdi

    Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev oliy taʼlim muassasalari faoliyati samaradorlik koʻrsatkichlariga ham toʻxtalib oʻtdi.

    Mutasaddining taʼkidlashicha, oliy taʼlim muassasalari samaradorligining asosiy koʻrsatkichlari tahliliga koʻra, ilmiy salohiyat soʻnggi besh yilda oʻrtacha 6,1 foiz oshdi: 2017-yil – 30,3 foiz, 2018-yil – 34 foiz, 2019-yil – 34,1 foiz; 2020-yil – 34,5 foiz; 2021-yil – 36,4 foiz.

    Taʼlim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoriylashtirish faoliyati jonlandi. Oliy taʼlim muassasalarining ilmiy-tadqiqot faoliyatidan olgan daromadi 2017-yildagi 49,7 milliard soʻmdan 2021-yilda 236,1 milliard soʻmga yetdi (5 barobar oshgan).

    Fan doktori (DSc) ilmiy darajasi yoki professor unvoniga ega professor oʻqituvchilar soni 2790 nafarga (oʻtgan yilda 2477 nafar boʻlgan), fan nomzodi (PhD) ilmiy darajasiga yoki dotsent unvoniga ega professor oʻqituvchilar soni 9992 nafarga (oʻtgan yilda 8710 nafar edi) yetdi.

    Dunyoning nufuzli 1000 talik roʻyxatiga kiruvchi OTMlarning PhD yoki DSc ilmiy darajasini olgan professor oʻqituvchilari soni 497 nafarga (oʻtgan yili 450 nafar) yetdi.

    Nufuzli xalqaro jurnallardagi ilmiy maqolalar soni oʻtgan yilga nisbatan 1,5 barobar oshib, 19 ming 981 tani tashkil etdi. Xorijiy talabalar soni 21,1 foiz koʻpaydi va 5 ming 768 nafarga yetdi.