Oʻzbekistonda ingliz tilini oʻqitish tizimi modernizatsiya qilinadi

    Xalqaro hamkorlik 22 Noyabr 2021 1922

    Buyuk Britaniya mutaxassislari Oʻzbekistonda “TESOL” ingliz tili sertifikatini joriy etishga koʻmaklashadi.

    Mamlakatimizning Londondagi elchixonasi tomonidan Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi va Buyuk Britaniyaning Nottingem Trent universiteti (Nottingham Trent University, NTU) oʻrtasida muzokaralar tashkil etildi.

    Muzokaralarda agentlik direktori oʻrinbosari Azimjon Husanov, NTU huzuridagi Nottingem tillar va madaniy almashinuv instituti rahbari Frank Austermyul va boshqalar qatnashdi.

    Tomonlar hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini muhokama qilish bilan bir qatorda oʻzaro hamkorlikning ikkala tomonga ham maʼqul va mos mexanizmlari, xususan, Oʻzbekistonda ingliz tilini oʻqitish tizimini modernizatsiya qilishni oʻrganish kabi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdi.

    Buyuk Britaniya vakillari mamlakatimizda “TESOL” (Boshqa xorijiy tillarda soʻzlashuvchilar uchun ingliz tilini oʻqitish) litsenziyasiga ega testlarni joriy etish, ingliz tili oʻqituvchilarining kasb malakasini oshirish, Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi huzuridagi teleradioeshittirish va jurnalistika markaziga ega “Foreign Languages” telekanali bilan NTU qoshidagi “Notts TV” telekanali oʻrtasida xalqaro jurnalistika yoʻnalishida kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga tayyorligini bildirdi.

    Bundan tashqari, tomonlar oʻzaro tashriflar, xususan, noyabr oyining yakunida Oʻzbekistonga NTU taʼlim delegatsiyasining tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishib oldi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Maʼlumot oʻrnida, 1843-yilda asos solingan Nottingham Trent University universiteti Buyuk Britaniyada kattaligi jihatidan oltinchi oʻrinda turadi (bu yerda 35 mingdan ortiq talaba tahsil oladi). 2017 va 2019-yillarda mazkur oliy bilim yurti mamlakatda “Yil universiteti” deb topilgan. NTU jahon universitetlarining “QS World University Rankings” reytingida 105-oʻrinda, Yevropaning eng yaxshi universitetlari qatorida esa 20-pogʻonada qayd etilgan.