Ko'rgazmada iqtisodiyotning neft-gaz sektori, kimyo va farmatsevtika, avtomobilsozlik va mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, to'qimachilik va charm-poyabzal, qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari namoyish etilmoqda. Bu haqida “O'zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda “O'zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi 20 ga yaqin tadbirkor tomonidan taqdim etilgan 40 ga yaqin mahsulotlar bilan ishtirok etmoqda. Keyingi yillarda ikki davlat o'rtasida qurilish materiallari sanoati bo'yicha o'zaro hamkorlik yil sayin rivojlanib bormoqda. Yildan-yilga O'zbekistonda ishlab chiqarilgan qurilish materiallariga bo'lgan talab ortib bormoqda. Ma'lumotlarga ko'ra, yanvar-sentyabr oylarida Ozarbayjon davlatiga 2,7 mln dollarlik qurilish materiallari yetkazib berilgan. Xususan, keramik plitka, bazal`t tolasi, PVX profillari, quruq qurilish qorishmalari kabi mahsulotlar eksporti amalga oshirilgan.
Ta'kidlanishicha, pandemiya bilan bog'liq murakkab davrda O'zbekiston-Ozarbayjon munosabatlari ijobiy sur'at bilan rivojlanib bormoqda. Birgalikdagi sa'y-harakatlar tufayli keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi ikki barobardan ziyodga ko'paydi. Shu bilan bir qatorda savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi bo'yicha, eng avvalo transport, energetika, mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo'jaligi sohalarida hamkorlik aloqalari yildan-yilga rivojlanib bormoqda. Bu esa ikki davlat o'rtasida yaqin do'stlik aloqalarini yanada mustahkamlashda muhim omil bo'lib xizmat qiladi.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston hududida Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 178 ta korxona faoliyat yuritadi, shundan 63 tasi qo'shma va 115 tasi 100 foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalardir. 2021-yil yanvardan sentyabrgacha bo'lgan davr mobaynida. mamlakatlar o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 73 million dollarni tashkil etadi.