Joriy yilning iyun oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan metodika boʻyicha respublikaning 101 ta shahar va tumanlarida navbatdagi ijtimoiy soʻrov oʻtkazildi. Unda 490 ta fuqarolarni oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, 4,9 mingta uy xoʻjaliklari hamda 25,9 ming nafar fuqaro qamrab olindi.
SOVID-19 pandemiyasi davrida koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishga qaratilgan karantin chora-tadbirlari mehnat bozoriga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatdi.
Oʻtkazilgan tadqiqot natijalari respublikada ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholining 13,2 foiz tashkil etganligini koʻrsatdi.
Bu koʻrsatkich 2019-yilning shu davrida 9,1 foizga teng boʻlgan. Ishga muhtoj boʻlganlarning umumiy soni 1 944,0 ming kishini tashkil etadi
(16-30 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasida ishsizlik darajasi- 20,1 foiz, ayollar oʻrtasida ishsizlik darajasi esa - 17,4 foiz).
Mehnat resurslari soni 19 084,6 ming kishini tashkil etib,
2019-yilning shu davriga nisbatan 0,6 foizga koʻpaygan boʻlsa
SOVID-19 pandemiyasiyaning iqtisodiyot subyektlari faoliyatiga salbiy taʼsiri natijasida iqtisodiyot tarmoqlarida band boʻlganlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga yoki 671 ming kishiga kamayib, 12 736,7 ming kishini tashkil qildi.
Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarining rasmiy sektorda band boʻlgan aholi soni 5 581,2 kishini tashkil qilib, oʻtgan yil shu davrga nisbatan
0,2 foizga yoki 12,4 ming kishiga kamaydi.
Bunda koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishga qaratilgan ayrim cheklov chora-tadbirlar sababli yakka tartibda tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchilar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 167,5 ming (46,4 foiz)ga kamayib ketganligi hisobiga yuzaga kelgan boʻlsa, 131,2 ming ishsizlarni haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilish hisobiga rasmiy bandlar soni keskin kamayish oldi olindi.
Tadqiqot natijalariga koʻra respublikadan tashqariga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketganlar soni 2 040 ming kishini tashkil etgan, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 553,2 ming, 2020-yilning
1-chorak yakuniga nisbatan esa 232,1 ming kishiga kamaygan.
Norasmiy sektorda band boʻlganlar soni (xorijda ishlayotgan mehnat migrantlarini hisobga olmaganda) oʻtgan yilga nisbatan 2,1 foizga yoki
105,3 mingga kamayib, 5 114,6 ming kishini tashkil etmoqda. Bunda asosan vaqtinchalik bir martalik va mavsumiy ishlarni bajaruvchilar
(108,4 mingga kamaygan), mehnat munosabatlarini rasmiylashtirmasdan oilaviy korxonalarda va tadbirkorlarda ishlovchilar (87,6 ming), roʻyxatdan oʻtmasdan va tegishli ruxsatnomasiz faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlar (110,6 ming) soni kamaydi.
Shu bilan birga karantin chora-tadbirlari davrida uyda oʻtirgan fuqarolar soni oshganligi hamda fuqarolarning shaxsiy tomorqalarni rivojlantirish uchun Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan subsidiyalar berish dasturi hajmi keskin ortganligi uchun dehqon va shaxsiy tomorqalarda band boʻlganlar soni 201,1 mingga ortgan.
Tadbirkorlik subyektlari va oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga mehnat stajini hisobga olish va ragʻbatlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi berilishi norasmiy sektorda bandlar ulushini kamaytirish imkoniyatini bermoqda.
Respublikada iqtisodiy nofaol aholi soni 2019-yil mos davriga nisbatan 4,5 foizga oshgan. Ushbu koʻrsatkich oʻtkazilgan tadqiqot davomida tadbirkorlik va xizmat koʻrsatish sohasi vakillari karantin chora-tadbirlari davrida vaqtinchalik oʻz faoliyatlarini toʻxtatib turishlarini va cheklovlardan soʻng qayta tiklash niyatini bildirib, boshqa faoliyat bilan shugʻullanmaslikni afzal koʻrayotganligi sababli oshganligini koʻrsatdi.
2020-yilning yanvar-iyun oylarida, ayniqsa SOVID-19 pandemiyasining mehnat bozoriga salbiy taʼsirini yumashatish maqsadida mehnat organlari tomonidan 588,2 ming(30 yoshgacha boʻlganlar 159,9 ming va ayollar
229,4 ming) ishsiz va band boʻlmagan aholiga bandligiga koʻmaklashish xizmatlari koʻrsatildi
Xususan, 501,1 ming nafari doimiy ish oʻrinlariga ishga joylaytirish va haq jamoat ishlariga jalb qilish orqali bandligi taʼminlandi,
15,0 ming nafar ishsizlar kasb-hunarga oʻqitildi, 27,0 ming nafar ishsiz shaxslarga Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan 10,1 mlrd. soʻm ishsizlik nafaqasi toʻlab berildi.
Shuningdek, Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan ajratiladigan subsidiyalar hisobiga 24,8 ming nafar fuqaro shaxsiy tomorqalarida,
15 ming nafar fuqaro qishloq xoʻjaligi, tikuvchilik va hunarmandchilik kooperativlarida aʼzo sifatida biriktirib, band qilindi, 3 ming nafar fuqaro tadbirkorlikka jalb etildi, 256 ta ish beruvchiga mehnat organlari yoʻllanmasi bilan ishga olingan 2,3 ming nafar ishsizlarning kasbiy malakasini oshirganligi va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini ishga olganligi uchun moddiy koʻmak ajratildi.