Oʻzbekistonda Ispaniyaning koʻptarmoqli tibbiyot muassasalari filiallari ochilishi mumkin

    Ispaniyaning koʻptarmoqli tibbiyot muassasalari Oʻzbekistonda oʻz filiallarini ochish imkoniyatlarini oʻrganmoqda. Bu haqda «Dunyo" AA xabar bermoqda.

    Oʻzbekiston elchisi Farrux Tursunov Ispaniyaning “HM Hospitales Group” va “Quiron Hospital Group” koʻptarmoqli tibbiyot muassasalarining xalqaro aloqalar departamentlari boshliqlari Xorxe Alvares va Monika Figerola bilan uchrashdi.

    Suhbat chogʻida mazkur klinikalar va yurtimizdagi tibbiyot muassasalari oʻrtasida oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish, xususan tibbiyot xodimlarini qulay shartlar asosida malakasini oshirish, onlayn yoki oflayn kurslarni tashkil qilish, klinikalar mutaxassislari tomonidan mahorat darslarini oʻtkazish, tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bilan tadqiqot loyihalarini olib borish, shuningdek, Oʻzbekistonda ushbu kompaniyalar filiallarini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

    Uchrashuv yakunida, joriy yilning sentyabr oyida ispan kompaniyalari vakillarining Oʻzbekistonga safarini amalga oshirish va uning doirasida respublikaning tegishli vazirlik va ixtisoslashtirilgan muassasalarida muzokaralar oʻtkazish toʻgʻrisida kelishib olindi.