Tashrif davomida tashkilot Prezidenti va bosh ijrochi direktori Alfonso Franchiozi bilan Oʻzbekistonda ilmiy tadqiqotlarda foydalanish uchun Sinxrotron laboratoriyalarini tashkil etish hamda hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi.
Sinxrotron — bu zaryadlangan zarralar, masalan, elektronlar yoki protonlarni yuqori tezlik va energiyaga erishish uchun maxsus trayektoriya boʻylab tezlatishga moʻljallangan yuqori texnologiyali qurilma. Sinxrotronlarda zarralar magnitlar yordamida saqlab turiladigan aylanma trayektoriya boʻylab harakatlanadi va har bir aylanishda ular radiochastotali maydonlar yordamida tezlatiladi. Sinxrotron laboratoriyalari dunyo boʻylab koʻplab mamlakatlarda mavjud boʻlib, ular turli xil ilmiy tadqiqotlar uchun foydalaniladi.
Muzokaralar natijasida yurtimizda sinxrotron ilmiy laboratoriyalarini tashkil etish hamda maxsus laboratoriya qurilmalarini Oʻzbekistonga taqdim etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Ushbu laboratoriyada faoliyat olib boruvchi mutaxassislarni tayyorlash hamda ushbu laboratoriyalarda ilmiy tadqiqotlar amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlaridan grantlar jalb etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.