Prezidentning tegishli Farmoniga koʻra, 2025-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-yanvarga qadar kichik va oʻrta biznes subyektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga moratoriy eʼlon qilinadi.
Shuningdek shu sanadan boshlab tadbirkorlik subyektlariga yangi tartibga solish vositalarini belgilashni yoki amaldagilarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan “yagona sanadan yangi qoidalar” tamoyili qoʻllanadi va ushbu normalarning kuchga kirish sanasi 1-yanvar yoki 1-iyul etib belgilanadi.
2028-yil 1-yanvarga qadar “Birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etiladi va uning doirasida birinchi faoliyat yili davomida savdo va tadbirkorlik sohalariga oid maʼmuriy huquqbuzarlikni ilk bor sodir etgan kichik tadbirkorlik subyektlari maʼmuriy javobgarlikdan ozod etiladi.
2025-yil 1-sentyabrdan boshlab quyidagi mezonlarga bir vaqtning oʻzida javob beruvchi kichik va oʻrta biznes subyektlarining faoliyatini ixtiyoriy ravishda tugatishda soliq tekshiruvi oʻtkazilmaydi:
- oxirgi uch yilda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadi 10 milliard soʻmdan oshmagan;
- byudjet va kreditorlar oldida qarzdorligi mavjud boʻlmagan hamda muntazam ravishda soliq hisobotlarini taqdim etayotgan;
- “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past darajada tasniflangan.
Shuningdek, startap loyihalarni moliyaviy resurslar bilan taʼminlash maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tijorat banklari hamda venchur jamgʻarmalar bilan birgalikda 2026-yil 1-aprelga qadar xorijdan 50 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni jalb qilishi belgilangan.