JSSFVTJQM AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (KNOOM) koʻmagi bilan tuzilgan boʻlib, bu markazlar ikkita xalqaro hamkor tashkilot – Sogʻliqni saqlash sohasida global integrallashuv korxonasi (SSGIK) hamda Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini qoʻllab-quvvatlash fuqarolik jamgʻarmasi (ITTKIQFJ) – vositasida ish yuritadi.

JSSFVTJQMning maqsadi SSVning jamoat salomatligini saqlashdagi xavf-xatarlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aniqlash va tezkor javob qaytarish salohiyatini mustahkamlashdan iborat. Shuningdek, yangi boʻlinma SSV va boshqa hukumat idoralariga jamoat salomatligini saqlashdagi favqulodda vaziyatlar paytida boshqa hamkor tashkilotlar bilan aloqa olib borish, axborot boshqaruvi, safarbarlik, muvofiqlashtirish va hamkorlik olib borishda yordam beradi.

16-iyunda boʻlib oʻtgan rasmiy marosimda AQSH elchisi Deniyel Rozenblyum yangi boʻlinmaga tashrif buyurdi.

“Jamoat salomatligini saqlashdagi favqulodda vaziyatlarga tezkor javob qaytarish markazining tuzilishi — bu katta ahamiyatga ega yutuq boʻlib, u Oʻzbekistonning oʻz fuqarolari sogʻligi va hayotini muhofaza qilish gʻoyasiga sodiq ekanligining yaqqol isbotidir. Markaz ishga tushirilishini qoʻllab-quvvatlash hamda ushbu mamlakatga jamoa salomatligini saqlashdagi keskin vaziyatlarga javob qaytarish va ularga qarshi kurashishga tayyorgarlik koʻrishdagi samaradorligini yana-da oshirishda yordam berish biz uchun sharafdir”, — dedi elchi Rozenblyum.

KNOOM va Oʻzbekistonning Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati tomonidan JSSFVTJQMni tuzish ishlari 2020-yilda boshlangan edi. Shu orada ekspertlar jamoasi milliy qonunchilik bazasi ishlab chiqdi, JSSFVTJQM doirasida koʻp tomonlama hamkorlik olib borish yoʻl xaritasi yaratildi hamda milliy mutaxassislar guruhi ushbu markazni yuritish sohasida oʻqitildi.

COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan beri, KNOOM Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligini favqulodda vaziyatlarga tezkor javob qaytarish tadbirlari, laboratoriya ishlari, infeksiyalarning oldini olish va nazorat qilish, mamlakatga kirish portlarida tekshiruvlar oʻtkazish, ehtimoldagi xavf-xatarlar haqida xabar berish, jamoatchilikni jalb qilish hamda kasallik rivojlanishini kuzatish sohalarida oʻqitish ishlarini tashkillashtirish va texnik koʻmak berish orqali qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Amerika Qoʻshma Shtatlari hukumati COVID-19 munosabati bilan Oʻzbekistonga 9 million dollardan ortiqroq shoshilinch koʻmak koʻrsatdi, uning 2,1 million dollari KNOOM hissasiga toʻgʻri keladi, deb xabar beradi AQSHning Oʻzbekistondagi Elchixonasi matbuot xizmati.

KNOOM AQSHning jamoat salomatligini saqlash sohasidagi agentlik boʻlib, u jamoatchilik sogʻligini saqlash masalalarida Markaziy Osiyo hukumatlari bilan hamkorlik olib borish boʻyicha koʻp yillik tajribaga egadir. Agentlik birinchi idorasini 1995-yilda Olma-ota shahrida ochgan edi, hozirda esa uning Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va Tojikistonda idoralari mavjud. KNOOM ushbu mamlakatlardagi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kasalliklar avj olishining oldini olish, aniqlash va javob qaytarishda ilgʻor natijalarga erishish maqsadida mahalliy laboratoriya, kasallik rivojlanishini kuzatish va kadrlarga oid salohiyatlarini mustahkamlash sohalarida birgalikda ish olib boradi.