Soʻnggi yillarda yurtimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi, ushbu yoʻnalishda jiddiy qadamlar tashlandi. Xususan, Oʻzbekistonda ilk bor korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini yurituvchi yangi va mustaqil tuzilma — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kunini yurtimizda keng nishonlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tegishli vazirlik va idoralar hamda xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda noyabr–dekabr oylari davomida Antikorrupsiya haftaligi oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

Haftalik doirasida bugungi kunda Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mahalliy va xalqaro ekspertlarning fikr va takliflarini oʻrganish, shuningdek, istiqboldagi dolzarb vazifalar va tendensiyalarni muhokama qilishga qaratilgan xalqaro va mintaqaviy anjumanlar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, vazirlik va idoralarda OAV va keng jamoatchilik vakillari uchun ochiq eshiklar kuni, barcha hududlarda yoshlar ishtirokida ijtimoiy soʻrov va aksiyalar, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishni targʻib etishga qaratilgan tanlovlar oʻtkaziladi. Gʻoliblar va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.

Tadbirlar sanasi, oʻtkazilish joyi va boshqa qoʻshimcha maʼlumotlar Agentlik rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali muntazam eʼlon qilib boriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati