Oʻzbekistonda koʻchmas mulk bozori oʻsishni davom ettirmoqda — ITIM tahlili

    2025-yilning birinchi yarim yillik yakunlariga koʻra, uy-joy sotuvlari 10,6 foizga oshib, 136,5 ming xonadonni tashkil etdi.

    Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida maʼlum qilindi.

    Iyun oyi yakuniga koʻra 21 mingta oldi-sotdi bitimlari roʻyxatdan oʻtkazilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,7 foizga oshdi.

    Hududiy dinamika

    2025-yilning birinchi yarim yilligida hududlarda koʻchmas mulk bozorida barqaror oʻsish kuzatilmoqda. Oldi-sotdi shartnomalarida eng yuqori oʻsish Jizzax (29,9 foiz), Navoiy (18,3 foiz) va Surxondaryo (17,7 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

    Shu bilan birga, Toshkent viloyatida bitimlar hajmi biroz kamaygani (2,6 foiz) kuzatildi.

    Ikkilamchi koʻchmas mulk bozori

    Iyun oyida ikkilamchi bozorda uy-joylarning oʻrtacha narxi oʻtgan oyga nisbatan 0,3 foizga oshdi. Yillik hisobda oʻsish 1,8 foizni tashkil etdi.

    Hududlar kesimida, iyun oyida Jizzax viloyatida uy-joy narxlari biroz pasayganiga (-1,3 foiz) qaramasdan, yillik oʻsish surʼati boʻyicha yetakchilik qilmoqda (11,7 foiz). Shu bilan birga, yillik hisobda ijobiy dinamika Surxondaryo (10,9 foiz), Qoraqalpogʻiston Respublikasi (9,3 foiz), Xorazm (7,3 foiz) va Namangan (7,1 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

    Toshkent shahrida koʻchmas mulk bozoridagi vaziyat

    Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joyning oʻrtacha narxi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4,8 foizga pasayib, yangi qurilgan uylar narxlari esa biroz kamaydi (1,6 foiz).

    Oʻtgan yilning iyun oyidan poytaxtdagi ikkilamchi uy-joy narxlarida eng katta pasayish Mirzo-Ulugʻbek (-7,6 foiz), Yashnobod (-7,3 foiz) va Chilonzor (-6,9 foiz) tumanlarida kuzatildi.

    Birlamchi uy-joy narxlarida eng katta pasayish Uchtepa (-9,7 foiz), Yunusobod (-8,8 foiz) va Shayxontohur (-7,7 foiz) tumanlarida qayd etildi.

    Toshkentda uy-joy ijara bozori tahlili

    Iyun oyida Toshkent shahrida ijara narxlari barqarorligi kuzatildi. Oʻrtacha ijara narxi oʻtgan oydagi koʻrsatkichni saqlab qoldi va bir kvadrat metr uchun 8,1 dollarni tashkil etdi.

    Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun oʻrtacha 10,3 dollarni tashkil etdi.

    Yillik hisobda oʻrtacha ijara narxlari 2,6%ga pasaydi. Eng sezilarli pasayish Uchtepa, Yashnobod va Chilonzor tumanlarida qayd etildi.