Oʻzbekistonda ŠKODA brendining ilk avtomobili 2021 model yiliga mansub, ŠKODA KODIAQ toʻliq oʻlchamli yoʻltanlamas boʻladi, u ikki xil komplektatsiyada taqdim etiladi: besh oʻrindiqli Ambition va yetti oʻrindiqli Style. Mahalliy bozor uchun ushbu model sigʻimi 2,0 litrlik, quvvati 180 ot kuchiga ega boʻlgan turbo dvigatel, yetti bosqichli robotlashtirilgan, eng soʻnggi avlod DSG qutisi, toʻliq uzatma va panorama lyuk bilan taqdim etiladi.

“Oʻzbekiston avtomobil sanoatining monobrend paradigmasidan jadal chetlanishi, shuningdek buni bozor omillari taqozo qilganligi yaxshi yangilik sanaladi. Amalda hozirning oʻzida xaridorlarimiz bir necha global brendlardan birini tanlashlari mumkin. Sifat va xavfsizlik yuzasidan oʻzlarini dunyoda namoyon eta olgan ishlab chiqaruvchilarning mavjudligi butun tarmoq uchun faqat foyda keltiradi. ŠKODAning debyut modeli xavfsizlik sohasida ekspertlarning maksimal bahosini olgan: European New Car Assessment Programme mustaqil sinovlar natijalariga koʻra, ushbu yoʻltanlamasga eng yuqori reyting – besh yulduz berilgan” deb qayd etdi “Oʻzavtosanoat” AJ boshqaruvi raisining oʻrinbosari Sardor Tadjiyev.

Dilerlik tizimi va servis koʻrsatish jarayonlariga alohida eʼtibor berish rejalashtirilgan. Shu sababli, poytaxtda ikkita ŠKODA dilerlik markazi (Sergeli Autotexxizmat va Driverʼs Village) ochilishiga tayyorgarlik koʻrilmoqda, Qoʻqonda esa yana bir (Kokand Auto Trade) dilerlik markazining qurilish ishlari yakunlanmoqda. Ushbu avtosalonlarda avtomobil xarid qilish, kafolat va sotuvdan keyingi xizmat koʻrsatish xizmatlaridan foydalanishingiz mumkin.

Avtomobillar narxlari oktyabr oyida eʼlon qilinadi, shunda avtomobil qiymatining bir qisimni toʻlab, oldindan buyurtma berish mumkin boʻladi. Dastlabki avtomobillarning yetkazib berilishi joriy yilning noyabr oyida amalga oshirilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Oʻzavtosanoat” AJ matbuot xizmati.