Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi emlangan odamlarning ahvoli qanday?

    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari oʻrinbosari Nurmat Otabekov 7-aprel kuni AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda koronavirusga qarshi emlanganlarda qanday nojoʻya taʼsirlar kuzatilayotganini maʼlum qildi.

    Maʼlum boʻlishicha, hozirgi kunga qadar umumiy emlanganlar orasida yengil darajadagi nojoʻya taʼsirlar 71 holatda qayd etildi. Bular qanday nojoʻya taʼsirlar:

    • 45,7 foizida tana haroratining 37,5 darajadan oshishi;
    • 21,2 foizida tanada ogʻriq;
    • 14,1 foizida emlagan joyda qichishish;
    • 11,2 foizida yengil bosh ogʻrigʻi;
    • 6,1 foizida emlangan joyda ogʻriqning paydo boʻlishi;
    • 2,7 foizida asabiylashish, holsizlanish, qoʻrqish kabi belgilar.

    Uning qayd etishicha, shu vaqtgacha emlangan fuqarolarda jiddiy asoratlar kuzatilmagan.

    Nurmat Otabekovning soʻzlariga koʻra, 6-aprel holatiga koʻra, Oʻzbekistonda jami 49 602 fuqaro emlangan, ularning 29 860 nafari AstraZeneca vaksinasi bilan, qolgan 19 742 nafari ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlangan.

    Shuningdek, Otabekov koronavirus hali ham yoshlar orasida keng tarqalganligini tasdiqladi. Masalan, 6-aprelda 206 ta holat qayd etilgan, shulardan 54 tasi (26,2 foiz) 19 yoshgacha boʻlgan yoshlar hisoblanadi. Biroq ushbu koʻrsatkich Sogʻliqni saqlash vazirligining statistikasidan farq qiladi. Vazirlikning statistikasiga koʻra, seshanba kuni koronavirusga chalinish boʻyicha 192 ta holat qayd etilgan.

    Eslatib oʻtamiz, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 1-apreldan boshlandi. Emlash dastlab qariyalar, sogʻliqni saqlash xodimlari, OAV vakillarida koʻngilli tarzda oʻtkaziladi. 6-aprel holatiga koʻra, Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi jami emlanganlar soni 49 602 nafarga yetdi. Ular AstraZeneca va Oʻzbekiston—Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlanmoqda. Oʻzbekistonda toʻliq emlash kursini tamomlagan fuqarolarga QR-kodli sertifikat beriladi.