Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi yaratilgan preparatga patent berildi

    Salomatlik 29 Iyun 2022 886

    Farmatsevtika taʼlim va tadqiqot instituti farmatsevt va farmakolog olimlari hamkorligida tabiiy va mineral manbalar asosida biotexnologik va kimyoviy sintez usuli bilan koʻp komponentli “Antikovir” preparati yaratildi.

    Maʼlumotlarga koʻra, klinikagacha va klinik tekshiruvlarda preparatni koronavirus infeksiyasini hujayralar ichiga kirishining oldini olish, virusga qarshi samarali taʼsir koʻrsatishi va gumoral immunitetni oshirishi aniqlandi.

    Preparat komponentlari antikoagulyant, antioksidant, sitoprotektor va immun tizimini stimullovchi hamda bakteriyalar va viruslarga qarshi faollikni taʼminlaydi. Klinik tekshiruvlarda preparatni nojoʻya taʼsirlari kuzatilmadi, 92% bemorlarda yuqori samarali taʼsiri aniqlandi. Preparatning tovar belgisi Intellektual mulk agentligi tomonidan 2020-yil 13-noyabrda roʻyxatga olingan edi. Joriy yil 14-fevralda esa Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan viruslar, jumladan COVID-19 virusi bilan chaqirilgan koronavirus infeksiyasi, postkovid sindromini davolash va profilaktika qilish vositasi sifatida roʻyxatga olindi.

    “Antikovir” preparatiga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan №IAP 06876 raqamli patent berildi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ixtirolar reyestrida 7-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, deb xabar beradi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati.