Mazkur loyiha o‘zbek xalqi uchun muhim bo‘lgan qadimiy topilmalarni kelajak avlodga yetkazish hamda ularni saqlash imkonini beradi.
Loyihaning I-bosqichi doirasida 700 ming AQSH dollari miqdoridagi grant asosida O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi qoshida arxeologik topilmalarni o‘rganish va tiklash bo‘yicha zamonaviy laboratoriya tashkil etildi, soha mutaxassislari uchun mahorat darslari o‘tkazildi hamda 95 ta eksponat qayta tiklandi, Afrosiyob muzeyidagi devorga bitilgan rasmlar namoyish etilayotgan xona taʼmirlandi.
O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyining mavjud taʼmirlash laboratoriyasini modernizatsiya qilish maqsadida muzey binosining 4-qavatidagi ko‘rgazmalar zali rekonstruksiya qilinib, zamonaviy taʼmirlash uskunalari va inventarlari bilan taʼminlandi hamda jihozlandi. Muzey qoshidagi taʼmirlash laboratoriyasiga 87 ming dollarlik 120 dan ortiq restavratsiya to‘plami va zamonaviy jihozlar keltirildi.
Loyiha doirasida O‘zbekistondan 6 nafar mutaxassis muzey boyliklarini restavratsiya qilish uslublariga o‘qitildi. Ular tomonidan muzeyda namoyish etilgan bir qancha sopol va metall buyumlari rekonstruksiya qilindi.
Shuningdek, Koreya davlatining konservatsiya sirlarini ochib beruvchi zamonaviy o‘quv-uslubiy qo‘llanma taqdim etildi, loyihaning yakuniy bosqichida laboratoriyaning moddiy-texnika bazasini yaxshilashga qo‘shimcha eʼtibor qaratildi.
“Hozirda Koreya hukumati 2022 yildan 2026 yilgacha ODA loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirishga tayyorlanmoqda. Loyihaning ikkinchi bosqichi Samarqand viloyati hududidagi o‘rganilmagan tarixiy yodgorliklarni o‘rganish va ularni sayyohlik obyektlariga aylantirish maqsadida Arxeologiya instituti infratuzilmasini yaxshilashni o‘z ichiga oladi, loyihaning umumiy qiymati 3 mln. 800 ming AQSH dollarini tashkil etadi va 5 yil muddatga taqsimlanadi”, dedi ODAning O‘zbekiston madaniy merosini saqlash loyihasi direktori, Koreya Madaniy meros jamg‘armasi vakili Kim Dongmin.
Loyihaning ikkala qismida O‘zbekiston madaniy merosini saqlash va boshqarish, ularni tadqiq qilish va qazish davomida o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy arxeologik bilim va ko‘nikmalarni takomillashtirish, yodgorliklarni ochiq muzey holatiga keltirish, ularni moddiy-texnika bazasi bilan taʼminlash, restavratsiya markazlari va restavratorlar saviyasini ko‘tarish ko‘zda tutilgan.