баннер
18 Mar 2025
11:36

    Oʻzbekistonda maktab direktorlarini tayyorlash, lavozimga tayinlash va ragʻbatlantirish boʻyicha yangi tartib joriy etildi

    Ta'lim 16 Yanvar 2024 2032

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova maʼlum qildi.

    Joriy yil 1-sentyabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega maktab direktorlariga lavozim maoshining 50 foizi miqdorida har oylik qoʻshimcha ustamalar toʻlanadi. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova maʼlum qildi.

    Umumiy oʻrta taʼlim maktablari direktorlarini tayyorlash va lavozimga tayinlash hamda ularni qoʻshimcha ragʻbatlantirish boʻyicha yangi tartib joriy etilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi 79-son Farmoniga muvofiq, joriy yil 1-yanvardan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktorlarini menejerlik kurslarida oʻqitish va sertifikatlash tizimini joriy etish belgilangan.

    Ushbu jarayonni amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori bilan “Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlandi.

    Unga koʻra, A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan umumtaʼlim maktablar direktorlari lavozimiga nomzodlarni menejerlik oʻquv kurslarida oʻqitish va maxsus portal orqali ularga menejerlik sertifikatini berish tizimi joriy etilmoqda.

    Menejerlik kurslariga oʻqish uchun nomzodlar kamida bakalavr darajasiga hamda maktab direktorlari uchun belgilangan malaka talablariga muvofiq boʻlishi lozim.

    Taʼlimda menejmenti mutaxassisligi boʻyicha magistr darajasiga ega boʻlgan nomzodlar oʻquv kursida oʻqimasdan sertifikat olish boʻyicha yakuniy sinovlarida ishtirok etishlari mumkin.

    Taʼlimda menejment ixtisosligi boʻyicha ilmiy darajaga ega boʻlgan nomzodlar uchun sertifikat ularning arizasiga asosan toʻgʻridan-toʻgʻri beriladi.

    Nomzodlar (tinglovchilar) zamonaviy boshqaruv, jamoada ishlash, ota-onalar bilan muloqot qilish, moliyaviy savodxonlik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari koʻnikmalari boʻyicha oʻqitiladi.

    Oʻquv kurslarining davomiyligi 144 soat boʻlib, bir oy davomida oʻqitiladi.

    Oʻquv mashgʻulotlari nazariy, amaliy va maktab amaliyotidan iborat boʻladi. Nazariy va amaliy mashgʻulotlar Institutda, amaliyot esa maktab hamda taʼlim boshqaruvi idoralarida oʻtkaziladi.

    Trening mashgʻulotlari taʼlim menejmenti boʻyicha kasbiy salohiyati yuqori boʻlgan professor-oʻqituvchilar bilan birga bugungi kunda taʼlim sifati, zamonaviy boshqaruv orqali maktabda ijodiy sogʻlom muhitni yarata olgan amaliyotchi maktab direktorlari tomonidan interaktiv usullarda olib boriladi.

    Oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan nomzodlar ishtirokida yakuniy sinovlar oʻtkaziladi hamda undan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlarga sertifikat beriladi.

    Menejerlik sertifikati elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va QR-kod qoʻyilgan holda elektron shaklda beriladi hamda sertifikat 5-yil davomida amal qiladi.

    Menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan nomzodlar orasidan maktab direktori lavozimiga nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi. Endilikda nomzodlar faqat sertifikata mavjud boʻlgan va mazkur nomzodlar zaxirasiga kiritilgan kadrlar orasidan tanlab olinadi.

    2024-yil 1-sentyabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan maktab direktorlariga - ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida lavozim maoshining 50 foizi, maktab direktori oʻrinbosarlariga 30 foiz miqdorida har oylik qoʻshimcha ustamalar toʻlanadi.

    Umumtaʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan direktorlar har

    5-yilda bir marotaba menejerlik sertifikatini olishi talab etiladi va sertifikatga ega boʻlgan direktorlar uni olgan yildan boshlab uch yil davomida malaka oshirish kurslaridan ozod etiladi.

    Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, menejerlik kurslarida nomzodlar shartnoma asosida jalb etiladi.

    Amaldagi maktab direktorlarini menejerlik kursida oʻqitish xarajatlari byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

    Maktab direktorlarining oʻqish davrida ularning asosiy ish joyi boʻyicha lavozimi va amaldagi oʻrtacha ish haqi miqdorlari saqlab qolinadi, xizmat safari bilan bogʻliq xarajatlar asosiy ish joyidan toʻlanadi.

    Menejerlik sertifikatiga ega boʻlish talabi quyidagi taʼlim muassasalari direktori lavozimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi:

    • Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar;
    • jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari;
    • sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalari;
    • ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar;
    • alohida sharoitlarda taʼminlash, tarbiyalash va taʼlim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar.

    Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 16-yanvaridan boshlab menejerlik kursida taʼlim olish uchun nomzodlarni roʻyxatga olish boshlanadi.

    Buning uchun nomzodlar maxsus portal (manager.uzedu.uz) orqali roʻyxatdan oʻtib, kurslarda ishtirok etish uchun ariza yuborishlari talab etiladi.

    Menejerlik kurslari 2024-yil 1-fevraldan boshlanadi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech