Oʻzbekistonda marmar mol goʻshti mahalliylashtiriladi

    Agrosektor 19 Avgust 2020 3263

    “Jizzax Organic” qishloq xoʻjalik klasteri buzoqlarni boqishdan boshlab rastalarga yuqori sifatli marmar goʻshti yetkazishgacha boʻlgan toʻliq siklni yoʻlga qoʻyadi.

    Joriy yil oktyabr oyida “Jizzax Organic” milliy klasteri Rossiya va AQSHdan 5 ming bosh yuqori zotli qoramollar olib kelishni rejalashtirgan. Anguss va gereford zotli gʻunajinlar importi esa Oʻzbekistonda sanoat usulida goʻshtning marmar mol goʻshtidek tansiq navini ishlab chiqarilishini boshlab beradi.

    Ushbu loyiha boʻyicha umumiy investitsiyalar hajmi 55 million dollarni tashkil qiladi. Shundan 18 million dollari ona sigirlar galasini sotib olishga yoʻnaltiriladi.

    — Marmar mol goʻshti olish uchun novvoslar va sigirlarni yetishtirish jarayoni texnologiyalarga qatʼiy rioya qilingan holda olib borilishi zarur, — deb tushuntiradi “Jizzax Organic” MCHJ direktori Hikmatilla Karimov. — Kuzda olib kelinadigan gʻunajinlar 2-5 oydan soʻng nasl beradi. Buzoqlar 8 oygacha onasining yonida boʻlib, ona suti bilan birga maksimal vazn toʻplash uchun kerakli minerallar va vitaminlar bilan oziqlanadi. Shundan keyin yana 8 oydan 16 oygacha don va makkajoʻxori bilan boʻrdoqiga boqiladi. Bu esa goʻshtning kerakli marmarlik koeffitsiyentiga erishish imkonini beradi. Shu tarzda, 2022-yilda mamlakatimizda yetishtirilgan qoramoldan birinchi marmar goʻshti olinadi.

    2020-yil oktyabr oyigacha novvoslarni boʻrdoqiga boqish maydoni (fidlot) va ikkita qishki gʻunajinlar turargohi qurilishi yakunlanadi. Mazkur obyektlar Avstraliyaning “Thompson Longhorn” kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Fidlot va qishki turargohlarda hayvonlarni qulay oʻstirish uchun barcha shart-sharoitlar: sugʻorish uchun suvni isitish va meʼyorlashtirib uzatish mexanizmlariga ega artezian quduqlari, yem-xashak stollari, avtomatik oziqlantirish tizimlari, shamoldan himoyalash, quyoshdan himoyalash vositalari va boshqa koʻplab qulayliklar nazarda tutilgan.

    — Fidlot 20 ming bosh qoramol boqishga moʻljallangan, — deydi klaster direktori. — Uni toʻliq quvvatda yuklash uchun, “Jizzax Organic” fermerlarga moʻljallangan dasturni ishga tushiradi. Fermer xoʻjaliklari yuqori zotli gʻunajinlarni sotib olib, nasl berishini kutib, 8 oydan soʻng novvoslarni klasterimizga adolatli narxda sotishi mumkin. Sotib olingan buzoqlarni biz marmar goʻsht olishga moʻljallangan maxsus texnologiya asosida boʻrdoqiga boqishni davom ettiramiz.

    Jizzaxdagi klaster Oʻzbekistonda toʻliq siklli ishlab chiqarishga ega birinchi kompaniyaga aylanadi, deb xabar beradi Jizzax viloyati hokimligi matbuot xizmati.