Oʻzbekistonda Milliy paralimpiya qoʻmitasi tashkil qilinmoqda

    Sport 18 May 2021 1716

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti paralimpiya harakatini rivojlantirishga qaratilgan qarorga imzo qoʻydi. Hujjatga koʻra:

    Oʻzbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi negizida Milliy paralimpiya qoʻmitasi tashkil qilinmoqda;

    “Sport hamma uchun” loyihasi amalga oshiriladi. Bunda Parasport xalqaro festivali, respublika parasport festivali hamda imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan muassasalar oʻquvchilari oʻrtasida parasport musobaqalari tashkil etiladi;

    2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida, shuningdek, boshqa tegishli oliy taʼlim muassasalarida paralimpiya kafedrasi va “Adaptiv sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport” magistratura mutaxassisligi ochiladi;

    davlat sport taʼlimi muassasalarida parasport boʻyicha trenerlarning lavozim maoshi 1,5 baravarga oshiriladi;

    2021-yil yakuniga qadar barcha mavjud davlat sport inshootlarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarning sport bilan shugʻullanishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratiladi, ushbu obyektlar va inshootlarda parasport turlari bilan shugʻullanish maqsadida 3 soatdan kam boʻlmagan vaqt ajratiladi;

    hududlarda qurilishi rejalashtirilgan sport obyektlari va inshootlarining loyihalarini ishlab chiqishda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarning sport bilan shugʻullanishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

    Bunda, davlat tomonidan moliyalashtiriladigan sport obyektlari va inshootlarining loyihalarini ishlab chiqishda zarur shart-sharoitlar nazarda tutilmagan taqdirda ularni moliyalashtirish amalga oshirilmaydi hamda davlat komissiyasi tomonidan qabul qilinmaydi.